AQSh so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli qish bo‘roniga tayyorlanmoqda

Dunyo

AQSh Milliy meteorologiya xizmati mamlakat markaziy hududlarida boshlangan kuchli qor bo‘roni yaqin kunlarda sharqiy hududlarga ko‘chib o‘tishini ma’lum qildi. Ushbu bo‘ron rekord darajadagi qalin qor yog‘ishi, haroratning keskin pasayishi va xavfli ob-havo sharoitlarini keltirib chiqarishi kutilmoqda.

AQSh so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli qish bo‘roniga tayyorlanmoqda
Meteorologlarning ta’kidlashicha, ushbu bo‘ron qutbiy girdob ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lib, hatto janubdagi Missisipi va Florida kabi shtatlarda ham noodatiy sovuq ob-havo kuzatilishi mumkin. Markaziy hududlarda esa ushbu bo‘ron kundalik hayotga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kansas va Indiana kabi shtatlarning ayrim hududlarida qor qalinligi 20 santimetrgacha yetishi mumkin. O‘rta G‘arbda kuchli qor bo‘ronlari va qattiq sovuq kutilayotgan bo‘lsa, ba’zi shtatlarda yo‘llarning muzlashi aholiga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘diradi.

Sharqiy sohil hududlari ham bo‘ron ta’siriga tushishi kutilmoqda. Mahalliy hukumatlar va xizmatlar xavfsizlik choralarini ko‘rmoqda. Bo‘ron qoldiradigan muz va qorni tozalash uchun maxsus texnikalar safarbar qilingan.

Bo‘ronning kuchayishi bilan avtotransport harakati qiyinlashishi, yo‘llarda ko‘rish darajasi pasayishi va muzlagan qoplamalar sababli baxtsiz hodisalar soni ortishi mumkin. Shuningdek, aviakompaniyalar reyslarni o‘zgartirish uchun haq olinmasligini e’lon qildi, bu esa ehtimoliy parvoz kechikishlari yoki bekor qilinishlarining oldini olishga qaratilgan.

Meteorologlar yog‘ingarchilik dushanba kuni to‘xtashi mumkinligini prognoz qilishmoqda, biroq seshanba kuni davomida past haroratlar muzlash va qo‘shimcha noqulayliklar keltirib chiqarishi ehtimoli bor.

Mutaxassislar aholiga o‘z ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, ichimlik suvi va yoqilg‘i zahirasini oldindan tayyorlashni, imkon qadar uyda qolishni tavsiya qilmoqda. Ushbu bo‘ron so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli qish bo‘ronlaridan biri bo‘lib, ijtimoiy va transport tizimlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing