Navoiy viloyatida kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha manzilli ishlar kuchaytiriladi

O'zbekiston

Navoiy viloyatida kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va oilalar daromadini oshirish bo‘yicha manzilli ishlar kuchaytirilmoqda. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi ishchi guruh hududdagi mahallalarda oilalar holati hamda bandlikni ta’minlayotgan loyihalarni o‘rgandi.

Navoiy viloyatida kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha manzilli ishlar kuchaytiriladi
Qiziltepa, Karmana va Nurota tumanlarida ehtiyojmand oilalar holati, ularning muammolari va kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘rib chiqildi. Viloyatda ishsiz fuqarolar va kam ta’minlangan oilalarni xatlovdan o‘tkazish boshlandi. Har bir oila uchun bandlik va daromaddan tashqari sog‘liqni saqlash, ta’lim, maktabgacha ta’lim hamda uy-joy masalalarini qamrab oluvchi individual rejalar tuzilmoqda.

Tanzila Narbaeva kambag‘allikni qisqartirishda umumiy yondashuvdan voz kechib, har bir oilaning imkoniyati, ehtiyoji va muammosidan kelib chiqish zarurligini ta’kidladi. Asosiy maqsad bir martalik moddiy yordam emas, balki oilaga barqaror daromad manbaini yaratishdan iborat.

Nazoratni kuchaytirish maqsadida viloyat, tuman va shahar Kengashlarining 270 nafar deputati 310 ta mahallaga biriktirildi. Ishchi guruhlarga mahallalar uyushmasi, «Nuroniy» jamg‘armasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda kasaba uyushmalari vakillari kiritildi. Viloyatda mavjud 18 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlaridan samarali foydalanish vazifasi belgilandi.

Hududda tadbirkorlik loyihalari ham o‘rganildi. «SVS NAVOIY» MChJ $40 mlnlik loyiha doirasida lateks qoplamali paxta qo‘lqoplari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Korxona to‘liq quvvatga chiqqach, 700 ta yangi ish o‘rni yaratish va yiliga $15 mlnlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.

Nurota tumanidagi kashtachilik korxonasida 200 nafar ishsiz fuqaro va mehnat migratsiyasidan qaytgan xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. Mahsulotlar O‘zbekiston bilan birga AQSh va Turkiyada ham sotilmoqda. «Sayidato» mahallasida 14 ta mehmon uyi tashkil etilgan, Xadicha G‘aybullayeva esa 19 mln so‘mlik imtiyozli kredit hisobiga kuniga 450–500 ta non ishlab chiqaradigan novvoyxonani yo‘lga qo‘yib, besh ayolga daromad manbai yaratgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing