AQSh Suriyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi

Dunyo

AQSh Suriyani 1979-yildan beri bo‘lib kelgan terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi. Shu bilan birga, Vashington «Hay’at Tahrir ash-Shom» (HTS) guruhini AQSh Davlat departamenti va Moliya vazirligining terrorchi tashkilotlar ro‘yxatlaridan ham chiqarib tashladi.

AQSh Suriyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio qaror Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara boshchiligidagi hukumatning xalqaro terrorizmga qarshi choralarini hisobga olgan holda qabul qilinganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil davomida Suriya IShIDga qarshi Global koalitsiyaga qo‘shilgan va «Al-Qoida» hamda boshqa qurolli guruhlarga qarshi aksilterror operatsiyalarini olib bormoqda.

AQSh Moliya vaziri Skott Bessent cheklovlarning bekor qilinishi Suriyaga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish imkonini berishi va mamlakatning siyosiy hamda iqtisodiy barqarorligiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Bu qaror Vashingtonning Damashqqa nisbatan siyosatidagi navbatdagi o‘zgarish bo‘ldi. 2025-yil iyun oyida AQSh prezidenti Donald Tramp 2004-yilda joriy etilgan Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

2025-yil may oyida Tramp avval HTS rahbari bo‘lgan Ahmad ash-Shara bilan uchrashgan. Guruhning 2024-yil dekabridagi hujumi Bashar Asad rejimining ag‘darilishiga olib kelgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing