O‘zbekiston «Byurokratiyasiz O‘zbekiston» jamoatchilik tashabbusini boshladi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi «Byurokratiyasiz O‘zbekiston» jamoatchilik tashabbusini boshladi. 2026-yil 21-sentabrdan 20-noyabrgacha fuqarolar va tadbirkorlar duch kelayotgan byurokratik to‘siqlar haqida xabar berib, amaliy yechimlar taklif qilishi mumkin.

O‘zbekiston «Byurokratiyasiz O‘zbekiston» jamoatchilik tashabbusini boshladi
Tashabbus 2025-yil 28-noyabrda tasdiqlangan «Byurokratiyani bartaraf etish — 2030» dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur 2030-yilgacha davlat organlari funksiyalarini 30 foizga qisqartirish, biznesga qo‘yiladigan talablarni 20 foizgacha optimallashtirish va elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirishni nazarda tutadi.

So‘nggi yillarda davlat xizmatlari hajmi 10 baravar oshib, 61 milliondan ko‘paydi. Ularning 80 foizi onlayn ko‘rsatilmoqda. 2025-yilning o‘zida tadbirkorlikka oid 2 mingdan ortiq majburiy talab bekor qilindi.

Ayni paytda davlat organlarida 5 650 ta funksiya, biznesni tartibga soluvchi 42 mingdan ortiq majburiy talab va 1 041 ta davlat xizmati mavjud. Yangi tashabbus kundalik hayotda fuqarolar va tadbirkorlar duch keladigan ortiqcha tartib-taomillarni aniqlashga qaratilgan.

Takliflarni murojaat.byurokratiyasiz2030.uz platformasi orqali yuborish mumkin. Unda muammo, uning oqibatlari va vaqt yoki resurs yo‘qotishlari, shuningdek amaliy yechim ko‘rsatilishi, imkon bo‘lsa tasdiqlovchi materiallar ilova qilinishi kerak.

Takliflar soha ekspertlari tomonidan baholanadi. Ma’qullangan tashabbuslar amaliyotga joriy etiladi. Natijalar va statistika real vaqt rejimida e’lon qilinadi. Yakunda asosiy byurokratik jarayonlar xaritasi tuzilib, normativ hujjatlarga o‘zgartirishlar va xizmatlarni raqamlashtirish bo‘yicha choralar ishlab chiqiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing