O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Terres Travel Festival’da oltin mukofot oldi

O'zbekiston

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ispaniyada o‘tkazilgan 10-yubiley Terres Travel Festival – Films & Creativity 2026 festivalida oltin mukofotga sazovor bo‘ldi. «Ma’rifat aks-sadosi» filmi «Turistik xizmat» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Filmda «Oskar» mukofoti laureati Ben Kingsli ishtirok etgan.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Terres Travel Festival’da oltin mukofot oldi
Festivalda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan audiovizual loyihalar qatnashdi. «Ma’rifat aks-sadosi» O‘zbekistonni tarixiy xotira, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat makoni sifatida namoyon etib, islom sivilizatsiyasining inson tafakkuri rivojiga qo‘shgan hissasini yoritadi.

Terres oltin mukofoti filmning xalqaro muvaffaqiyatlari qatorini davom ettirdi. 2026-yilda loyiha New York Festivals va Kann korporativ media va televideniye festivalining finalchisi bo‘ldi, shuningdek, Belgraddagi SILKFEST 26 festivalida taqdirlandi.

Ben Kingslining ishtiroki filmning muhim jihatlaridan biridir. Aktyor Mahatma Gandi obrazi uchun «Oskar» mukofotini olgan va «Tabib» tarixiy dramasida Abu Ali ibn Sino — Avitsenna obrazini ijro etgani bilan tanilgan. «Ma’rifat aks-sadosi» filmida u Sharqning intellektual an’anasi hamda uning ilm-fan, ta’lim va madaniyatga hissasi haqida hikoya qiladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik megalo­yihasidir. 2026-yilda Markaz Ginnesning rekordlar kitobiga «Islom sivilizatsiyasining eng yirik muzeyi» sifatida kiritildi, TURKSOY esa uni «Turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi» deb e’tirof etdi. 2025-yilda Markaz Avitsenna xalqaro mukofoti va Singapurdagi Butunjahon halol turizm sammitida «Yilning islom merosi obyekti» mukofotini olgan.

Terres Travel Festival Kataloniyaning Tortosa shahrida o‘tkaziladi va sayohat, turizm, madaniyat hamda hududlarga bag‘ishlangan filmlarni taqdirlaydi. Festival CIFFTning rasmiy a’zosi hisoblanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing