AQSh Ukrainadagi urushni tugatish rejasini Myunxenda e'lon qiladi

Dunyo

Donald Trampning Ukrainadagi urushni tugatish rejasini Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada AQShning Ukrainadagi maxsus vakili Kit Kellog taqdim etadi. Bu haqida Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

AQSh Ukrainadagi urushni tugatish rejasini Myunxenda e'lon qiladi
Manbaga ko‘ra, reja qanchalik batafsil taqdim etilishi va uning formati qanday bo‘lishi hozircha noma’lum. Biroq, Kellog va boshqa rasmiylarning so‘nggi haftalardagi bayonotlari shuni ko‘rsatadiki, reja “kuch orqali tinchlik” tamoyiliga asoslanadi, ya’ni urushayotgan tomonlarni sulhga majburlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning rejasi mojaroni muzlatish va Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarini “noaniq holatda” saqlashni, shuningdek, Kiyevga xavfsizlik kafolatlari berishni nazarda tutadi. Biroq, bu kafolatlarning aniq qanday bo‘lishi hozircha ochiqlanmagan.

Kellog avvalroq ijtimoiy tarmoq X (sobiq Twitter) da Myunxendagi konferensiyada ishtirok etishini va Trampning Ukrainadagi “qonli va qimmat urushni” tugatish maqsadi haqida gapirishni intiqlik bilan kutayotganini yozgan edi. “Men Amerika ittifoqchilari bilan uchrashib, ular bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanimizni muhokama qilaman”, — dedi maxsus vakil.

Ukraina Rossiya qo‘shinlarini 1991-yil chegaralariga olib chiqish talabini ilgari surdi. Bu talab 2014 va 2022-yillarda Rossiya tarkibiga qo‘shilgan Qrim, Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlarini o‘z ichiga oladi. Keyinchalik, Zelenskiy AQSh va Yevropa Ittifoqining xavfsizlik kafolatlari ta’minlangan taqdirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish ehtimolini ham ma’lum qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa 2024-yil yozida sulh va muzokaralar shartlari sifatida Ukraina qo‘shinlarini Donbass, Zaporoje va Xerson viloyatlaridan chiqarishni, ushbu hududlarni Rossiya tarkibida tan olishni, Ukrainani yadro qurolidan xoli va neytral davlat sifatida belgilashni hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni talab qilgan edi. Zelenskiy bu taklifni ultimatum deb atagan.

Tramp, Ukraina yo‘qotgan hududlarni qaytarib olishini haqiqatdan yiroq deb hisoblaydi, va Mayk Uoltsga ko‘ra, butun dunyo ham Trampning shu fikriga qo‘shiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing