Avstraliya hukumati DeepSeek dan foydalanishni taqiqladi

Texnologiya

Avstraliya Xitoy tomonidan ishlab chiqilgan DeepSeek sun’iy intellekt tizimidan davlat tasarrufidagi barcha qurilmalarda foydalanishni taqiqladi. Shaxsiy gadjetlarga nisbatan hozircha hech qanday cheklov yo‘q, biroq hukumat bu texnologiya jiddiy xavfsizlik tahdidlarini keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Avstraliya hukumati DeepSeek dan foydalanishni taqiqladi
"Biz milliy xavfsizlik va mamlakat manfaatlarini himoya qilish uchun tezkor va qat’iy choralar ko‘ryapmiz", — dedi Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Byork.

DeepSeek– bu ChatGPT’ning Xitoydagi analogi bo‘lib, u 2025-yil 10-yanvarda taqdim etilgan. Uning ishlab chiquvchilari texnologiyalarining G‘arbiy raqobatchilardan kam emasligini, lekin ancha arzon ishlab chiqarilishini ta’kidlamoqda. Biroq ekspertlar foydalanuvchilar ma’lumotlari Xitoy serverlarida saqlanishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Avstraliyalik kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Dana Makkeyning ta’kidlashicha, DeepSeek tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlar nafaqat jinoyatlar tergovida, balki iqtisodiy josuslik maqsadida ham ishlatilishi mumkin.

Bundan tashqari, DeepSeek Xitoyda qat’iy senzura ostida ishlaydi. Masalan, u 1989-yil Tiananmen maydonidagi voqealar, Si Zinpin yoki Madaniy inqilob haqida savollarga javob bermaydi.

DeepSeek’ning Avstraliyada taqiqlanishi Xitoy texnologiyalariga qarshi choralarni davom ettirish siyosatining bir qismi hisoblanadi. 2018-yilda mamlakat Huawei va ZTE kompaniyalarini o‘zining 5G infratuzilmasidan chiqarib tashlagan edi, 2023-yilda esa TikTok’ni potensial tahdid deb e’lon qildi. Hozir esa AQSh, Fransiya, Irlandiya va Janubiy Koreya ham DeepSeek’dan foydalanishga cheklovlar kiritish masalasini muhokama qilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing