Saida Mirziyoyeva tadbirkorlarni Yangi Toshkentga sarmoya kiritishga chaqirdi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Yangi Toshkentga tashrif buyurib, zamonaviy bino va obyektlar qurilishi jarayoni bilan tanishdi. U shaharning jadal rivojlanayotganini ta’kidlab, tadbirkorlarni uning loyihalariga faolroq sarmoya kiritishga chaqirdi.

Saida Mirziyoyeva tadbirkorlarni Yangi Toshkentga sarmoya kiritishga chaqirdi
Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, Yangi Toshkentni rivojlantirish uchun asosni O‘zbekiston Prezidenti yaratgan. Shaharning konsepsiyasi britaniyalik me’morlar tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning fikricha, bu konsepsiya o‘n yilliklarga mo‘ljallangan mustahkam poydevor yaratgan.

“Poydevor bor, ammo shaharning ertaga qanday bo‘lishi endi o‘zimizga bog‘liq”, — dedi u.

Saida Mirziyoyeva tadbirkorlarni Yangi Toshkent imkoniyatlariga e’tibor qaratishga chaqirdi. U hududning biznes va investitsiyalar uchun katta istiqbolga ega ekanini ta’kidladi.

“Sarmoya kiriting, quring, bu yerda o‘z biznesingizni yo‘lga qo‘ying. Bu joyning istiqboli juda katta”, — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.

U Yangi Toshkentda bugunning o‘zidayoq yirik loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, shaharning kelgusi rivoji nafaqat ishlab chiqilgan konsepsiyaga, balki uni barpo etishda ishtirok etayotgan tomonlarning qaror va harakatlariga ham bog‘liq.

“Keling, bu noyob shaharni birgalikda barpo etaylik!” — deya chaqirdi Saida Mirziyoyeva.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing