BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonga keldi

O'zbekiston

Uni Toshkent xalqaro aeroportida Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonga keldi
Bugun, 30-iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan, rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi, deb xabar bermoqda O’zR Bosh vazirining matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov.

“Toshkent xalqaro aeroportida Oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi”, ― deb yozdi Bekzod Hidoyatov.

Qisqa suhbatdan so‘ng, BMT Bosh kotibi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri hamrohligida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketdi.

BMT Bosh kotibi 30-iyundan 1-iyulgacha rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Oliy martabali mehmonning tashrifi doirasida Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Kun tartibidan O‘zbekistonning BMT va uning institutlari bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari, shuningdek, global siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari o‘rin olgan. Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Tashrif davomida BMT Bosh kotibi qator sanoat va ijtimoiy soha obyektlarini ham borib ko‘radi, ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, Antoniu Guterrish mintaqaga oxirgi marta 2017-yilda tashrif buyurgan, 4-iyul kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing