Buyuk Britaniya Aleksey Navalniyning o‘limi bilan bog‘liq sanksiyalarni ko‘rib chiqadi

Dunyo

Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida London muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limiga aloqador shaxslarga nisbatan individual sanksiyalar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi.

Buyuk Britaniya Aleksey Navalniyning o‘limi bilan bog‘liq sanksiyalarni ko‘rib chiqadi
"Biz buning uchun mas'ul bo'lgan aniq shaxslar bor-yo'qligini va qanday aniq choralar ko’rishimiz mumkinligini ko'rib chiqmoqdamiz", — dedi Kemeron Myunxen Xavfsizlik konferensiyasida.

Tashqi ishlar vazirining soʻzlariga koʻra, Britaniya rasmiylari sanksiyalarni oldindan eʼlon qilmaydi, shuning uchun u bu masala boʻyicha batafsil maʼlumot bera olmadi.

Navalniyning o‘limi munosabati bilan Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan Rossiyaning Londondagi elchixonasi vakili Britaniya tomonining Rossiya Federatsiyasining ichki ishlariga aralashuvidan noroziligini bildirdi.

Eslatib o’tamiz, 2021-yil boshidan beri Navalniy hibsda saqlangan, chunki sud uning “Iv Rocher” ishi bo'yicha shartli jazosini 3,5 yillik haqiqiy muddatga almashtirgan. 2022-yil mart oyida u firibgarlik va sudga hurmatsizlikda ayblanib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Joriy yilning 16-fevral kuni ertalab esa jazoni ijro etish federal xizmati Yamalo-Nenets avtonom okrugi boshqarmasi Aleksey Navalniyning koloniyada vafot etganini ma’lum qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing