Davlatimiz rahbari Turkiya va Saudiya Arabistoni bilan iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik rejalarini ko'rib chiqdi

Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Turkiya Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi, deb ma’lumot bermoqda davlatimiz rahbarining matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbari Turkiya va Saudiya Arabistoni bilan iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik rejalarini ko'rib chiqdi
Yig‘ilishda O’zbekiston va Turkiya o’rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida ko‘riladigan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berildi.

Xususan, ikki mamlakat o‘rtasidagi Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish, to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, hunarmandchilik mahsulotlariga tarif va boj stavkalarini kamaytirish, Istanbul shahrida O‘zbekistonning savdo vakolatxonasini ochish rejalashtirilgan.

Turkiya tajribasi asosida tog‘-adirlarni o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash tizimini joriy qilish, xalqaro standartlarga mos o‘zbek-turk Urug‘chilik test markazini ochish mo‘ljallangan.

Saudiya Arabistoni bilan ham investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda, qator yirik loyihalarni amalga oshirish boshlangan, sarmoyalar portfeli tobora kengayib bormoqda. Podshohlik kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 24,1 milliard dollarlik 34 ta investitsiya loyihalari ro‘yxati shakllantirilgan.

Mazkur loyihalar doirasida joriy yilda jami 2,5 milliard dollarlik mablag‘larni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Shu jumladan, yil yakuniga qadar transport, raqamlashtirish, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, energetika sohalarida qo‘shimcha 13 ta loyihalar doirasida 1,5 milliard dollarlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi ishini yanada faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kengash doirasida shakllantirilgan ekologiya, tog‘-kon, moliyaviy hamkorlik sohalarida qiymati 6,5 milliard dollarlik yangi istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralarni yakuniga yetkazish va amaliy ishlarni boshlash muhimligi qayd etildi.

Prezidentimiz hisobot va rejalar bilan tanishib, mutasaddilarga xorijiy investitsiyalarni to‘liq va sifatli o‘zlashtirish choralarini ko‘rish, loyihalarning amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishni topshirdi.

Investorlar bilan doimiy muloqot qilib, ular uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni tizimli hal etib borish vazifasi qo‘yildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing