Energiya Tejash Bo‘yicha Muhim Qarorlar Qabul Qilindi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni mamlakatda energiya tejash va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu muhim tashabbuslar mamlakatda energiya resurslariga bo‘lgan talabning tobora ortib borayotganligini inobatga olgan holda amalga oshirilmoqda.

Energiya Tejash Bo‘yicha Muhim Qarorlar Qabul Qilindi


Yig‘ilishda qayd etilishicha, joriy yil boshida mintaqalarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan edi. Xususan, Prezidentning Farg‘ona viloyatiga iyul oyidagi tashrifi chog‘ida ushbu rejani ilmiy asosda ikki barobar ko‘proq bajarish yo‘llari belgilab berildi. Farg‘ona politexnika instituti olimlari Farg‘ona tumanidagi elektr energiyasi iste’molini chuqur o‘rganib chiqishdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Log‘on podstansiyasida, 4,6 ming xonadon va 233 ta tadbirkorlik subyektini xizmat ko‘rsatuvchi transformatorlarda yillik yo‘qotishlar 5 million kilovatt-soatni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich tabiiy yo‘qotish me’yoridan 1,5 barobar yuqori.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur podstansiyaga ulanadigan 113 transformatorning yuklamasini teng taqsimlash orqali 765 ming kilovatt-soat yo‘qotishning oldini olish mumkin. Eng asosiysi, bu maqsadga erishish uchun katta xarajatlar talab etilmaydi, faqatgina tuman elektr tarmoqlari korxonalarida boshqaruv tizimini to‘g‘ri tashkil etish kerak. Shuningdek, suv nasoslarini ta’minlaydigan 44 transformatorga reaktiv quvvat batareyalarini o‘rnatish orqali yillik 1,1 million kilovatt-soat energiyani tejash mumkinligi ta’kidlandi. Ushbu xarajatlar bir yil ichida qoplanishi kutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa gazni tejash bo‘yicha yaxshi natijalar qo‘lga kiritildi. 95 ming xonadonda eski pechlarni energiya tejamkor uskunalarga almashtirish va isitish tizimini izolyatsiya qilish orqali yiliga 145 million kubometr gaz tejashga erishildi. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan yana 16 ming oilaga bunday pechlar o‘rnatish ishlari boshlangan. Bu esa yiliga qo‘shimcha 20 million kubometr gazni tejashga imkon beradi.

Yig‘ilishda viloyatlar hokimlari va energetika kompleksi rahbarlari hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida hisobot berdilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing