Firibgarlikka qarshi kurash: Onlayn kredit ajratilishiga vaqtinchalik tartib joriy etildi

O'zbekiston

Markaziy bank fuqarolarni himoya qilish maqsadida onlayn kredit ajratish jarayonida firibgarlikning oldini olish uchun yangi vaqtinchalik tartib joriy etmoqda. Bu tartib 2024-yil 1-noyabrdan 2025-yil 1-aprelgacha amal qiladi.

Firibgarlikka qarshi kurash: Onlayn kredit ajratilishiga vaqtinchalik tartib joriy etildi
So‘nggi paytlarda firibgarlar ijtimoiy muhandislik usullari yordamida fuqarolarning nomiga noqonuniy onlayn kreditlar rasmiylashtirib, P2P o‘tkazmalari orqali mablag‘larni o‘zlashtirish holatlari ko‘paygan. Joriy yilda 463 ta bunday holat qayd etilib, fuqarolarga qariyb 15 milliard so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, onlayn kredit olishda fuqarolar biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi. Shuningdek, kredit byurolari ma’lumotlar bazasida mijozning kredit tarixi ikki bosqichda tekshiriladi va firibgarlik alomatlari aniqlanganda kredit berilishi rad etiladi.

Shuningdek, kredit ajratilgandan so‘ng dastlabki 48 soat ichida P2P o‘tkazmalar, xorijga pul yuborish va onlayn valyuta operatsiyalari kabi amaliyotlarga cheklovlar qo‘yiladi. Agar mijoz kreditni firibgarlik ta’sirisiz olganini tasdiqlamasa, kredit bekor qilinadi va mablag‘ qaytariladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing