Fuqarolarni ularning ruxsatisiz tasvirga olish taqiqalanishi mumkin

O'zbekiston

Insonlarning turli holatlarini ularning ruxsatisiz rasm yoki videoga olish taqiqlanishi mumkin. Kishilarning tasvirga boʻlgan huquqini himoya qilish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi hamda aholi fikrini oʻrganish uchun jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Fuqarolarni ularning ruxsatisiz tasvirga olish taqiqalanishi mumkin
Loyihaga koʻra, endilikda har qanday shaxsning foto yoki video tasvirini olish yoki undan foydalanish uchun uning roziligi talab qilinadi. Bu qoidalar insonlarning shaxsiy hayotini himoya qilish hamda ularning tasviridan noqonuniy foydalanishning oldini olishga qaratilgan.

Taklif etilayotgan hujjatda quyidagi asosiy bandlar keltirilgan:

16 yoshdan boshlab o‘smirlar o‘zlarini tasvirga olish va tasvirdan foydalanish bo‘yicha mustaqil rozilik bera oladi.

Jamoat joylarida va ommaviy tadbirlarda tasvirga olish uchun ruxsat talab qilinmaydi.

Davlat xizmatchilarini xizmat vazifasini bajarish jarayonida cheklovlarsiz tasvirga olish va ushbu tasvirlardan foydalanish mumkin.

Noqonuniy harakatlarni tasvirga olish uchun shaxsning roziligi talab etilmaydi.

Videokuzatuv tizimlari haqida ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilishi shart.

Insonlarning qisman yoki to‘liq kiyimsiz bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarda (tibbiyot xonasi, hammom, kiyim almashtirish xonalari va boshqa) videokuzatuvni amalga oshirish taqiqlanadi.

E'tiborli tomoni shundaki, loyihada davlat xizmatchilarini xizmat faoliyatida cheklovlarsiz tasvirga olishga ruxsat berilgan, shuningdek, jamoat joylarida va ommaviy tadbirlarda suratga olishga hech qanday to‘siq qo‘yilmaydi. Bu esa ochiqlik va oshkoralik prinsiplarini qo'llab-quvvatlaydi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan hollarda, shaxs hamda ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida ko‘rsatilgan shaxslar tasvirdan foydalanishni to‘xtatishni, uni yo‘q qilishni hamda yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

Qonun loyihasiga shaxsiy fikringizni bildirish uchun, Adliya vazirligining rasmiy sahifasiga tashrif buyurishingiz mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing