Iqlim o'zgarishi AQSh va Meksikada jazirama issiq havo to’lqinini kuchaytirdi

Dunyo

Olimlarning ta'kidlashicha, inson tufayli yuzaga kelgan iqlim o'zgarishi AQSh janubi-g'arbida, Meksikada va Markaziy Amerikada so'nggi paytlarda haddan tashqari jaziramaning ehtimolini 35 baravar oshirdi. Bu haqda BBC News xabar bermoqda.

Iqlim o'zgarishi AQSh va Meksikada jazirama issiq havo to’lqinini kuchaytirdi
World Weather Attribution (WWA) guruhi may oyining boshidan iyun oyining boshigacha bo'lgan davrda AQShning janubi-g'arbiy shtatlarida, jumladan Kaliforniya, Nevada va Arizonada kuzatilgan jazirama issiq havoni o'rgandi.

Bu davrda Meksikadagi anomal harorat ham odamlarning hayotiga zomin bo'ldi.

Olimlarning ta'kidlashicha, hozirda bunday issiqlik to'lqini 2000-yildagidan to'rt baravar ko'p bo'lib, bu sayyorani qizitib yuborayotgan emissiyalar tufayli yuzaga kelgan.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, iqlim o'zgarishi oqibatida ko'plab ekstremal ob-havo hodisalari, jumladan, issiq to'lqinlar tez-tez kuzatilmoqda va kuchayib bormoqda.

"Bizning tadqiqotimiz natijalarini iqlimimiz xavfli darajagacha qizib borayotganidan yana bir ogohlantirish sifatida qabul qilish kerak", — dedi Niderlandiya Qirollik meteorologiya instituti tadqiqotchisi Izidin Pinto.

"Odamlar atmosferani qazib olinadigan yoqilg'i chiqindilari bilan to'ldirar ekan, issiqlik faqat kuchayadi — zaif odamlar o'lishda davom etadi va hayot qimmatlashadi", — deya qo'shimcha qildi u.

Olimlar tungi havo haroratining yuqori bo'lishi — sog'liq uchun jiddiy xavf ekanligini ta'kidladilar, chunki tanada dam olishga va tiklanishga vaqt qolmaydi.

World Weather Attribution (WWA) iqlim o'zgarishining bo'ronlar, kuchli yog'ingarchiliklar, jazirama to'lqinlari, sovuqlar va qurg'oqchilik kabi ekstremal ob-havo hodisalariga ta'sirini tahlil qilish va bu haqda xabardor qilish bo'yicha xalqaro harakatdir.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing