Isroil 39 falastinlikni qamoqdan ozod qildi

Dunyo

Isroil hukumati 39 nafar falastinlik mahbusni, jumladan, 24 nafar ayol va 15 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirni ozod qildi. Ular Isroil va HAMAS o‘rtasida mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuv doirasida ozod etilgan.

Isroil 39 falastinlikni qamoqdan ozod qildi
“Anadolu”ning xabar berishicha, falastinliklar bosib olingan Gʻarbiy Sohildagi Ofer qamoqxonasini tark etib, Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi vakillariga topshirilgan. Bu HAMAS tomonidan ozod qilingan 13 nafar isroillik o‘z vatanlariga kelganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi.

Ramallah g’arbidagi Beytuniya shahrida ozod qilingan vatandoshlarni qo’llarida Falastin va Hamas bayroqlari ko’targan yuzlab falastinliklar kutib oldi. Isroil askarlari olomonga qarshi ko'zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan. Bunga javoban falastinliklar harbiylarga qarata pirotexnika otishdi.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaroda to‘rt kunlik gumanitar pauza haqidagi kelishuv 24-noyabr, juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da kuchga kirdi. Kelishuv Isroil qamoqxonalaridagi 150 nafar falastinlik mahbusni HAMAS qo‘l ostidagi 50 nafar isroillik evaziga ozod qilishni ko‘zda tutadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing