Jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirish choralari koʻrib chiqildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda jamoat transportini yanada yaxshilash va bu boradagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirish choralari koʻrib chiqildi
Soʻnggi yillarda aholiga qulay, xavfsiz va ekologik toza jamoat transporti xizmatini koʻrsatish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi uch yilda poytaxt va viloyat markazlariga 2 ming 650 ta zamonaviy elektrobus va avtobuslar olib kelindi. Brutto-shartnoma asosida 279 ta muntazam yoʻnalish yoʻlga qoʻyildi.

Natijada har kuni yoʻnalishga chiqayotgan avtobuslar soni 3 ming 150 taga yetdi. Kunlik qatnovlar soni 2022-yildagi 18 mingtadan 45,2 mingtaga, yoʻlovchilar oqimi esa 900 ming nafardan 2,3 million nafarga oshdi. Shu orqali 4,8 mingta yangi ish oʻrni yaratildi.

Taqdimotda jamoat transportini yanada rivojlantirish boʻyicha navbatdagi vazifalar koʻrib chiqildi. Urbanizatsiya jarayonlari tezlashayotgani, poytaxt va viloyat markazlariga tutash hududlarda aholi harakati keskin koʻpaygani sababli shaharlarga kirishda qatnovlar 30 foizga oshgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan shahar jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga oʻtkazish taklif qilindi. Bunda shaharlar atrofidagi 12 kilometrgacha boʻlgan hududlarga qatnaydigan avtobus yoʻnalishlari ham brutto-shartnoma tizimi bilan qamrab olinadi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Nazarbek, Mineral suvlar va Uch Qahramon hududlarini poytaxt bilan bogʻlash orqali avtomobillar oqimini kamida 20 foizga kamaytirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Umuman, poytaxtda 19 ta, viloyat markazlarida 79 ta shunday yoʻnalish tashkil etish rejalashtirilgan.

Poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yoʻl qatnovlarini oʻzaro bogʻlash maqsadida “elektropoyezd – avtobus”, “elektropoyezd – metro” kabi qulay tariflarni joriy etish taklif qilindi.

Qolaversa, viloyat markazlarida jamoat transporti harakat tarkibini yangilash zarurligi taʼkidlandi. Hisob-kitoblarga koʻra, hududlarda yana 1,5 mingta katta va oʻrta sigʻimli avtobuslarga ehtiyoj bor. Shu bois, zamonaviy avtobuslar olib kelishni ragʻbatlantirish, tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish, kredit liniyalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar bildirildi. Jumladan, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yigʻimidan ozod qilish muddatini yana 2 yilga uzaytirish taklif qilindi.

Taqdimotda avtobus haydovchilari uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda ayrim haydovchilar meʼyordan ortiq ishlayotgani xizmat sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi. Oʻtgan yili poytaxtning oʻzida haydovchilarning xatti-harakatlari va muomalasi yuzasidan aholidan 1 ming 670 ta shikoyat kelib tushgan. Avtobuslar ishtirokida 109 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.

Shu munosabat bilan brutto-shartnoma tizimini takomillashtirish, bir avtobusga toʻgʻri keladigan haydovchilar sonini 2 nafardan 3 nafarga oshirish, harakat xavfsizligi va xizmat madaniyatini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

Jamoat transportida bajarilgan ish hajmi va sifatini baholash uchun har bir viloyatda dispetcherlik markazlari tashkil etilgan. Buning natijasida harakat jadvaliga muvofiq bajarilayotgan qatnovlar ulushi 90 foizga yetdi.

Endi ushbu tizimlarga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali yoʻlovchilar oqimiga mos ravishda avtobuslar harakatini tashkil qilish taklif etilmoqda. Bu bir yoʻlovchini tashish tannarxini 10-15 foizga qisqartirish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari jamoat transportini rivojlantirishda aholi soni koʻp shaharlar bilan birga turizm markazlarini ham qamrab olish zarurligini taʼkidladi.

Samarqand va Namanganni aholisi bir millionlik shaharlarga aylantirish boʻyicha belgilangan maqsadlardan kelib chiqib, mazkur hududlarda aholi va sayyohlar uchun zamonaviy “yashil transport” yoʻnalishlarini koʻpaytirish boʻyicha aniq master-rejalar ishlab chiqish topshirildi.

Oxirgi yillarda Xiva shahriga turistlar oqimi 3 karra koʻpaygani, bu esa qulay jamoat transportiga ehtiyojni keskin oshirgani qayd etildi. Shu bois, Xiva, Shahrisabz, Margʻilon, Qoʻqon kabi yirik turizm maskanlarida ham jamoat transportini rivojlantirish dasturini boshlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz jamoat transporti aholi kundalik hayoti sifati, shaharlardagi harakat madaniyati, ekologiya va iqtisodiy faollik bilan bevosita bogʻliq muhim soha ekanini taʼkidlab, mutasaddilarga transport xizmatlari qulayligi va xavfsizligini oshirish, yoʻnalishlarni aglomeratsiya tamoyili asosida kengaytirish, sohada raqamlashtirish hamda sunʼiy intellekt yechimlarini joriy etish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing