Makron Rossiyani Ukrainadagi urushni shartsiz to‘xtatishga chaqirdi

Dunyo

Qohira, 2025 yil 7 aprel — Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya rahbariyatini AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan Ukrainada o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish taklifini hech qanday old shartlarsiz qabul qilishga chaqirdi.

Makron Rossiyani Ukrainadagi urushni shartsiz to‘xtatishga chaqirdi
“Rossiya muzokaralarni cho‘zish uchun bahona va taktik usullardan foydalanishni darhol to‘xtatishi zarur,” — dedi Makron Misr poytaxtiga rasmiy tashrifi chog‘ida.

Makronning ta’kidlashicha, bu taklif ilgari surilganiga deyarli bir oy bo‘ldi, biroq Rossiya uni nafaqat rad etdi, balki tinch aholining yashash joylariga uyushtirilgan hujumlarni kuchaytirdi. Natijada ko‘plab begunoh insonlar halok bo‘ldi.

Fransiya rahbari o‘z bayonotida “Ukraina va butun Yevropa xavfsizligini ta’minlay oladigan barqaror va uzoq muddatli tinchlik" tarafdori ekanini yana bir bor qayd etdi.

2025 yil 11 mart kuni Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan muzokaralarda Ukraina rasmiylari AQSh delegatsiyasi tomonidan taklif etilgan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rozilik bildirgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu tashabbusni "to‘g‘ri" deb baholagan bo‘lsa-da, uni amalga oshirish uchun ayrim “nyuanslar” mavjudligini aytgan. Ular orasida Ukraina sulh paytida safarbarlikni to‘xtatishi va yangi qurollar olmasligiga kafolat berilishi ham bor.

Makron so‘zining yakunida mintaqadagi urushni zudlik bilan to‘xtatish zarurligini yana bir bor ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu Yevropadagi tinchlik va barqarorlik sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing