Markaziy Osiyo birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratmoqda

Iqtisodiyot

Jahon banki 10 yillik REMIT dasturini tasdiqladi, bu dastur Markaziy Osiyoda birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratadi. Loyihaning maqsadi Qirg‘iziston va Tojikiston gidroenergetikasini, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistondagi issiqlik elektr stansiyalarini, shuningdek, mintaqaning quyosh va shamol energetikasi imkoniyatlarini integratsiyalashdir. Dastur 2050 yilga kelib mintaqa davlatlariga 15 mlrd dollargacha iqtisodiy foyda keltirishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratmoqda
Jahon banki 22 yanvar kuni «Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozori rivoji va energiya tizimlarini integratsiyalash» (REMIT) nomli 10 yillik dasturini tasdiqladi. Dastur maqsadi — birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish, o‘zaro to‘ldiruvchi resurslardan samarali foydalanishni oshirish va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash.

Loyiha Qirg‘iziston va Tojikiston gidroenergetikasini, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistondagi issiqlik energetikasini, shuningdek, barcha davlatlarda quyosh va shamol energetikasini qamrab oladi. Hozirgi vaqtda mamlakatlar o‘rtasidagi elektr energiyasi savdosi umumiy talabning taxminan 3% ini tashkil etadi, yangilanadigan energiya ulushi esa 4% atrofida.

REMIT quyidagilarni nazarda tutadi:

Mintaqaviy elektr energiyasi savdosini yiliga 15 ming Gvatt-soatgacha oshirish;

Elektr uzatish liniyalarining o‘tkazish qobiliyatini 16 Gvattgacha uch barobar oshirish;

Markaziy Osiyo mamlakatlarining energiya tizimlariga 9 Gvattgacha yangi toza energiya quvvatlarini integratsiyalash.

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Nadji Benhasin energiya integratsiyasini chuqurlashtirish 2050 yilga kelib mintaqa davlatlariga 15 mlrd dollargacha iqtisodiy foyda keltirishi mumkinligini ta’kidladi. Dastur umumiy moliyaviy hajmi 1,018 mlrd dollarni tashkil etadi.

Dastur uch bosqichda amalga oshiriladi: mintaqaviy bozor yaratish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tarmoqlar ishonchliligini oshirish uchun raqamli yechimlarni joriy etish va energetika sektorida institutlar hamkorligini kuchaytirish.

Birinchi bosqichda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston, shuningdek «Energiya» mintaqaviy boshqaruv-markazi 143,2 mln dollarlik grant va imtiyozli moliyalashtirish oladi. Shundan $140 mln Jahon banki Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi mablag‘lari hisobidan, $3,2 mln esa Markaziy Osiyo Suv-Energetika dasturi (CAWEP) doirasida taqdim etiladi.

Birinchi bosqichda taxminan 900 MVt yangi toza energiya quvvatlari integratsiyalash rejalashtirilgan, bu esa taxminan 700 mln dollarlik xususiy sarmoyani jalb qiladi. Mintaqaviy boshqaruv qo‘mitasiga Markaziy Osiyo davlatlarining energetika vazirliklari va tegishli agentliklari kiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing