Navro’z shodiyonasi “Humo Arena” majmuasida bo’lib o’tdi

O'zbekiston

Shu kunlarda mamlakatimiz go‘yoki ulkan sayilgohga aylangan. Shaharu qishloqlarda odamlar Navro‘zni shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.

Navro’z shodiyonasi “Humo Arena” majmuasida bo’lib o’tdi


Bu yil bahor seryog‘in keldi. Shu bois asosiy bayram tantanasi “Humo Arena” majmuasida bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni bayram bilan tabrikladi.

“Siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun O‘zbekiston xalqini barchamiz sog‘inib kutgan Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman”, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Navro‘z falsafasi orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uyg‘un ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimizdagi do‘stlik va hamjihatlik muhiti, yaxshi qo‘shnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli xalqaro maydonda O‘zbekistonimizning obro‘-e’tibori yuksalmoqda.

Tabiatning yasharish ayyomi bo‘lgan Navro‘z yoshlik bilan ham uyg‘un. Mamlakatimiz yoshlarining kuch-g‘ayrati, ezgu harakatlariga qanot berish maqsadida bu yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Bunga oid Davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion so‘m va 460 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Umuman, joriy yilda barcha turdagi tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 millionga yaqin aholiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi.

Prezident yoshlarimizning xalqaro fan olimpiadalari, madaniyat va san’at festivallari, axborot texnologiyalari va sport yo‘nalishlaridagi yutuqlarini qayd etib, keyingi ishlari va musobaqalarda muvaffaqiyat tiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing