OAV: AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Kiyevga qarz yoki ijaraga berish dasturini taklif qilmoqda

Dunyo

AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri respublikachi Mayk Jonson qarz, ijara shartlarida berish dasturi yoki Rossiyaning G'arbdagi muzlatilgan suveren aktivlarini Kiyevga topshirish shaklida Ukrainaga yordam ko'rsatishni qayta yo’lga qo’yish tarafdori. Bu haqda The Hill gazetasi xabar berdi.

OAV: AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Kiyevga qarz yoki ijaraga berish dasturini taklif qilmoqda
AQSh davlat ierarxiyasida uchinchi eng muhim lavozimni egallab turgan Jonson, “AQSh soliq to'lovchilari o'nlab milliard dollarlarni qaytarib olishni kutmasdan, uni qarz yoki ijaraga berish dasturiga aylantirish” g'oyasini ilgari surdi. Bundan tashqari, spiker Kievga yordam fondini shakllantirish maqsadida Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish imkoniyatini eslatib o'tdi, deyiladi maqolada.

So'rov va muqobil qonun loyihalarining keyingi taqdiri noma'lumligicha qolmoqda. So'nggi oylarda Vakillar palatasi va Senatdagi bir qator respublikachilar Kiyevga moliyaviy yordam ko'rsatishni davom ettirishga qarshi chiqishdi.

Eslatib o'tamiz, 2022-yil 9-may kuni AQShda Kiyev manfaatlarini ko'zlab qurollarni ijaraga berish to'g'risidagi qonun kuchga kirdi. Unga ko'ra, AQSh Ukraina hukumati yoki Sharqiy Yevropa hukumatlariga harbiy texnika va mol-mulkni vaqtincha foydalanish uchun taqdim etish imkoniyatiga ega bo'ldi. Mexanizm ikkinchi jahon urushi paytida AQSh o'z ittifoqchilarini oldindan to'lovsiz va uzoq muddatli kechiktirilgan to'lovlar bilan ta'minlaganidek ishlashi kerak edi. 2023-yil 30-sentyabrda hech qachon amalda qo'llanilmagan ushbu qonun bekor qilindi.

O'z navbatida, Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel 14-mart kuni keyingi bir necha oy Ukrainadagi mojaro uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishini aytdi. "Bu bahor, bu yoz, kuzdan oldingi muddat... kelayotgan oylar (Ukraina mojarosi uchun) hal qiluvchi bo'ladi", — dedi u.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing