O‘zbekiston falastinliklarga uzoq muddatli yordam yo‘lga qo‘ydi

O'zbekiston

O‘zbekistonda falastinlik fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning keng qamrovli dasturi tasdiqlandi. Prezident farmoniga ko‘ra, ularga uy-joy, nafaqa, tibbiy yordam, ta’lim va bandlikda ko‘mak kafolatlanadi.

O‘zbekiston falastinliklarga uzoq muddatli yordam yo‘lga qo‘ydi
Hujjat falastinliklarni jamiyatga integratsiya qilish va ularning asosiy ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan choralarni o‘z ichiga oladi. Dastur mamlakatning insonparvarlik va adolat tamoyillariga sodiqligini aks ettiradi.

Prezident farmoniga binoan, O‘zbekistonga kelgan falastinliklar quyidagilar bilan ta’minlanadi:
  • mehnat yoshidagi shaxslarga (I va II guruh nogironlari bundan mustasno) minimal iste’mol xarajatlari miqdorida oylik nafaqa;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksalarga pensiya;
  • yashash manzilidagi uy-joy ijara xarajatlarini to‘liq qoplash;
  • farzand tug‘ilganda va dafn marosimi uchun belgilangan miqdorda bir martalik to‘lov;
  • zaruriy nooziq-ovqat mahsulotlari xaridi uchun bir martalik qo‘shimcha mablag‘.

Har bir oilaga shaxsiy hamrohlik qiluvchi ijtimoiy xodim biriktiriladi. Bolalar 2028-yilgacha bepul maktabgacha ta’lim oladi, navbatsiz maktabga qabul qilinadi va qo‘shimcha ta’lim xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

Tibbiy yordam kam ta’minlanganlarga beriladigan sharoitlarda ko‘rsatiladi, jumladan, mahalliy poliklinikalarga hisobga qo‘yiladi.

Bandlikni ta’minlash uchun kasb-hunar o‘qishlari, tadbirkorlikka jalb etish va imtiyozli kreditlar berish nazarda tutilgan.

Dastur maxsus jamg‘arma orqali moliyalashtiriladi. Jamg‘arma homiylik xayriyalari, xalqaro grantlar va boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Ijro ustidan nazorat hukumat va tegishli idoralar zimmasiga yuklatilgan.

Mazkur chora-tadbirlar falastinliklarning mamlakat hayotiga uzoq muddatli integratsiyasini ta’minlash, munosib sharoitlar yaratish va ularning jamiyatda to‘laqonli ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing