Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoda iqlim va ekologiya muammolarini hal qilish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi

Iqtisodiyot

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Ostona shahrida boʻlib oʻtayotgan Mintaqaviy ekologik sammitning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoda iqlim va ekologiya muammolarini hal qilish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi
Tadbirda Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Armaniston Prezidenti Vaagn Xachaturyan, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze va Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevni sammitning muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan samimiy tabriklab, uning ekologik xavf-xatarlarning oʻzaro bogʻliqligi va ularni birgalikda hal qilish zarurligini oʻzida mujassam etgan “Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh” degan bosh gʻoyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Prezidentimiz mazkur uchrashuv oʻtgan yili Samarqand iqlim forumida boshlangan muloqotning mantiqiy davomi ekanini taʼkidlab, Markaziy Osiyo davlatlarining ekologik diplomatiyasi tizimli va izchil tus olib, sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilayotganidan mamnunligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston yetakchisi qayd etganidek, bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim oʻzgarishlaridan ayri holda koʻrib chiqib boʻlmaydi.

– Global isish surʼatlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq koʻtarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yoʻqoldi, yogʻingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradatsiyaga uchradi, – dedi davlatimiz rahbari.

Global ekologik birdamlik zaiflashayotganidan chuqur xavotir bildirildi. Rivojlanayotgan mamlakatlar iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq moliyalashtirish, ilgʻor texnologiyalar va innovatsiyalardan oʻz vaqtida va adolatli foydalanish imkoniyati bilan taʼminlanishi muhimligi taʼkidlandi.

Markaziy Osiyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini mintaqaviy hamkorlikning eng muhim ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtarishga muvaffaq boʻlgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Buni “yashil” kun tartibini ilgari surish, iqlim oʻzgarishiga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha bir qator muhim, strategik ahamiyatga ega mintaqaviy dasturlarning qabul qilingani ham tasdiqlamoqda.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda ekologik barqarorlikni taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan tizimli chora-tadbirlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

– “Yashil makon” loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekildi. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda oʻrmonzorlar barpo etilib, yangi “yashil belbogʻ”lar yaratilmoqda. Bizning tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining “Oʻrmonlashtirish va oʻrmonlarni tiklash boʻyicha harakatlar oʻn yilligi” rezolyutsiyasi qabul qilindi, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Bundan tashqari, suvni tejash borasidagi keng koʻlamli saʼy-harakatlar natijasida yiliga 10 milliard kub metr suv iqtisod qilinmoqda. Mamlakatimizning generatsiya quvvatlarida “yashil” energetika ulushi allaqachon 30 foizga yetdi, 2030-yilning oxiriga borib esa 50 foizdan oshadi.

Parij bitimi boʻyicha zararli chiqindilarni 35 foizga kamaytirish majburiyati muddatidan oldin bajarilib, 2035-yilgacha ularni ikki barobar qisqartirish boʻyicha yangi marra belgilandi.

Chiqindilardan energiya ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Joriy yilda chiqindilarni yoqish boʻyicha ikkita yangi zavod ishga tushiriladi, yana 9 tasi esa kelgusi ikki yil davomida faoliyatini boshlaydi. Ularning ishga tushirilishi har yili 5,5 million tonna chiqindini utilizatsiya qilish, 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, chiqindilar hajmini 1 million tonnadan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Markaziy Osiyodagi iqlim va ekologiya muammolarini hal qilish boʻyicha bir qator aniq tashabbuslarni ilgari surdi.

Atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini taʼsis etish taklifi bildirildi. Konsorsium sanoatni modernizatsiya qilib, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar uchun tozalash tizimlarini joriy etadigan “yashil” moliyalashtirishning qoʻshma operatoriga aylanishi mumkin.

Prezidentimiz Toshkentdagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Choʻllanishga qarshi kurashish, qurgʻoqchilikning oldini olish hamda qum va chang boʻronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish muhimligini taʼkidladi. Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli boʻronlarni monitoring qilish boʻyicha kuchli tizimni yaratish imkonini berishi taʼkidlandi.

Texnologik oʻtish jarayonlarini tezlashtirish uchun imtiyozli bojxona tartiblari va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni oʻzaro tan olishni nazarda tutuvchi “Markaziy Osiyo yashil savdo yoʻlagi”ni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.

Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish dolzarb masala ekanligi qayd etildi. Bu mintaqani rivojlantirish boʻyicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini yaratib, sheriklarda uni amalga oshirishga boʻlgan qiziqishni kuchaytiradi.

Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi oʻzgarishlarning yagona mintaqaviy atlasi yaratilishi mintaqadagi choʻllanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanishi mumkin.

Biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni ishlab chiqish, bu jarayonda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisini muvofiqlashtiruvchi sifatida belgilash taklif qilindi.

Yoshlar orasida iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun 2027-yilda Oʻzbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini oʻtkazishga tayyorlik bildirildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida tadbir ishtirokchilarini shu yil Samarqandda boʻlib oʻtadigan Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi va Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumida ishtirok etishga taklif etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing