O‘zbekiston Prezidenti Moskvaga bordi

Siyosat

Bugun Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan muzokara oʻtkazadi. Unda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Moskvaga bordi
Rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozondan Moskvaga bordi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya poytaxtining “Vnukovo-2” aeroportida Oʻzbekiston rahbarini Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga O‘zbekiston va Rossiya davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. Tashrif dasturiga muvofiq, 6-oktyabr kuni ikki mamlakat yetakchilari tor va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazadilar. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda har tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin bilan ham muzokara o‘tkazadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing