O’zbekiston Prezidenti Qo‘qondagi yirik kimyo korxonasida bo‘ldi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

O’zbekiston Prezidenti Qo‘qondagi yirik kimyo korxonasida bo‘ldi
Sobiq Qo‘qon superfosfat zavodi moliyaviy sog‘lomlashtirish va diversifikatsiya qilish maqsadida 2019-yilda Singapurning “Indorama Holdings BV” kompaniyasiga investitsiya majburiyatlari bilan sotilgan edi. Uning negizida “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasi tashkil etildi. 70 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, ishlab chiqarish texnologiyalari modernizatsiya qilindi. Ispaniya, AQSH, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Ispaniya va Rossiya davlatlarining yetakchi kompaniyalaridan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Qo‘shimcha 150 ta ish o‘rni yaratildi.

Korxona yiliga 30 million dollar mahsulotni eksport qilish quvvatiga ega. Bugungi kunda MDH, Yevropa, Afrika va Osiyoning 16 davlatiga mineral o‘g‘itlar eksport qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari zavod bo‘ylab yurib, ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Korxona yirik kimyo klasteriga aylanib, nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Zavod xodimlari uchun zamonaviy uy-joylar qurish, kelajakda maktab va shifoxona loyihalarini ham nazarda tutish bo‘yicha fikr almashildi.

Korxona izchil rivojlanmoqda va keyingi bosqichlar bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Ikkinchi bosqich doirasida 50 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi. Shveysariya, Germaniya, Hindiston, Xitoy va Italiyadan zamonaviy texnologik uskunalar keltirib o‘rnatildi. Ushbu bosqichda yiliga 24 million dollarlik kaliy sulfat, sulfat kislotasi va ammoniy-xlorid o‘g‘itlari ishlab chiqariladi. 120 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Uchinchi bosqich ishlari 2025-2028-yillarda amalga oshiriladi. Unda mono va dikalsiy fosfat, kaliy-nitrat, azot-fosfor-kaliyli kompleks mineral o‘g‘it, kalsiy xlorid, mono ammoniy fosfat, mono kaliy fosfat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha qiymati – 100 million dollar. 235 ta ish o‘rni yaratiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing