Oʻzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar

Siyosat

Boku shahriga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisini Butunjahon urbanizatsiya forumining muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan samimiy tabrikladi.

Avvalgi oliy darajadagi muloqotlar chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tovar ayirboshlashning ijobiy surʼati qayd etildi. Yil boshidan buyon oʻzaro savdo hajmi 40 foizdan ziyodga oshdi.

Qurilish, togʻ-kon sanoati, energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyihalarni jadallashtirish hamda birgalikdagi investitsiyalarni, shu jumladan, Qoʻshma investitsiya kompaniyasi mablagʻlarini jalb etgan holda yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Yetakchilar transportga oid tashabbuslarni amalga oshirish va xalqaro transport yoʻlaklarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama qildilar.

Boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing