O‘zbekiston va Pokiston qo‘shma temir yo‘l loyihalarini muhokama qildi

O'zbekiston

2024-yilning 27-iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati Pokiston milliy logistika korporatsiyasi (NLC) mas’ul xodimlari bilan muzokaralar o‘tkazdi, unda transport, logistika va tranzit savdosi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Pokiston qo‘shma temir yo‘l loyihalarini muhokama qildi
Pokistondan O‘zbekiston orqali MDH davlatlariga multimodal temir yo‘l transportini tashkil etish asosiy mavzu bo‘ldi. Pokiston, ayniqsa, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini tashishga qiziqish bildirdi. O‘zbekiston tomoni muzlatgichli vagonlardan foydalanishni va qulay shart-sharoitlarni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida logistika sohasida hamkorlikni kengaytirish va yuk tashish hajmini oshirishga qaratilgan oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Yig‘ilish “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari X.Raxmetov boshchiligida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda, shuningdek, “Temiryo‘lkargo” AJ bosh direktori A.Muminov, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ bosh direktori o‘rinbosari X.Odilov, “O‘zbekjeldorekspeditsiya” AJ bosh direktori o‘rinbosari S.Salimov va boshqa mas’ul shaxslar ishtirok etdilar. Uchrashuvda pokistonlik hamkasblar nomidan NLC raisi Farrux Shahzod Rao, loyiha brigadiri Muhammad Yusuf va mas’ul mutaxassis Shaib Xakvoniy ishtirok etdi.

National Logistics Corporation (NLC) — Pokistondagi yirik yetakchi multimodal logistika tashkiloti boʻlib, multimodal logistika xizmatlari, transchegaraviy tashish uchun kompleks yechimlarni va boshqa xizmatlarni taklif etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing