O‘zbekiston va Qozog‘iston 20 turdagi mahsulot bo‘yicha savdo to‘siqlarini bekor qiladi

Iqtisodiyot

10-avgustdan O‘zbekiston va Qozog‘iston qariyb 20 turdagi mahsulot bo‘yicha tarif va notarif savdo cheklovlarini bekor qiladi. Qaror iyul oyi oxirida Aktau shahrida ikki mamlakat bosh vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishidan so‘ng qabul qilindi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston 20 turdagi mahsulot bo‘yicha savdo to‘siqlarini bekor qiladi
Bu haqda O‘zbekistondagi Qozog‘iston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Yerali Tugjanov O‘zbekiston—Qozog‘iston biznes-forumida ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, komissiya yig‘ilishidan keyin bir hafta ichida zarur qarorlar qabul qilingan va ular 10-avgustdan kuchga kiradi.

Diplomatning ta'kidlashicha, ikki davlat prezidentlari o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Joriy yilning dastlabki besh oyida o‘zaro savdo hajmi qariyb 38 foizga oshgan. Shuningdek, Qozog‘iston O‘zbekistonga 261 turdagi mahsulot eksportini kengaytirish salohiyatiga ega.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov ham cheklovlar qariyb 20 turdagi mahsulotga taalluqli ekanini tasdiqladi. Uning ta'kidlashicha, tadbirkorlar ushbu masalani uzoq vaqtdan beri ko‘tarib kelgan va cheklovlarning bekor qilinishi ikki mamlakat biznesi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing