O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Bryusselda tarixiy shartnomani imzolaydi

O'zbekiston

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni Bryusselga rasmiy tashrif bilan boradi, u yerda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KSHHB) imzolanadi, deb xabar bermoqda Euronews.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Bryusselda tarixiy shartnomani imzolaydi
Euronews’ning xabar berishicha, mazkur hujjat O‘zbekiston–YeI munosabatlarida yangi bosqichni boshlab beradi. Bitim besh strategik yo‘nalishni qamrab oladi: siyosiy muloqot, savdo va investitsiyalar, xavfsizlik, raqamli va “yashil” rivojlanish, hamda barqaror sheriklik.

Yangi kelishuv O‘zbekiston islohotlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy modernizatsiyani jadallashtirish va uzoq muddatli hamkorlik uchun huquqiy asos yaratishga xizmat qiladi.

Yevropa Kengashi raisi Antonio Kosta mustaqillik bayrami munosabati bilan yuborgan tabrigida shunday dedi:

“24-oktabr kuni Bryusselda o‘tkaziladigan uchrashuvni intiqlik bilan kutyapman — biz Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik tarixida yangi sahifa ochadigan bitimni imzolaymiz.”

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen esa Samarqandda bo‘lib o‘tgan YeI–Markaziy Osiyo sammitida O‘zbekistonning Global Gateway dasturidagi muhim o‘rnini ta’kidladi. Dastur doirasida YeI 12 milliard yevro miqdorida investitsiya ajratadi — bu transport, raqamli aloqa, suv resurslari va “yashil” energiya loyihalariga yo‘naltiriladi.

“Bu — bizning uzoq davom etgan do‘stligimizda yangi sahifa”, — dedi Ursula fon der Lyayen.

Bryusselda imzolanadigan bitim O‘zbekiston tashqi siyosatidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lishi kutilmoqda va noyabr oyida Toshkentda o‘tkaziladigan YeI – Markaziy Osiyo investitsiya forumi uchun mustahkam zamin yaratadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing