O‘zbekiston Yangiyo‘l tajribasini butun mamlakat energetika tizimiga joriy etadi

O'zbekiston

O‘zbekiston elektr va gaz ta’minotini boshqarishning yangi modelini Yangiyo‘l tumani tajribasi asosida respublikaning barcha hududlarida joriy etadi. Tegishli topshiriqlar Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika majmuasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda berildi.

O‘zbekiston Yangiyo‘l tajribasini butun mamlakat energetika tizimiga joriy etadi
Pilot hudud sifatida tanlangan Yangiyo‘l tumanida 1400 kilometr elektr tarmoqlari va 422 ta transformator mavjud. So‘nggi besh yilda elektr iste’moli 68 milliondan 102 million kVt·soatgacha oshgan bo‘lsa-da, atigi 60 ta transformator va 240 kilometr tarmoq ta’mirlangan. Yil boshidan buyon elektr yo‘qotishlari 30 million kVt·soat, avariyalar soni esa 37 tani tashkil etdi.

Hududda energetika vaziri Sherzod Xodjayev boshchiligida maxsus shtab tuziladi. Tuman hokimi San’at Jumaniyozov uning o‘rinbosari bo‘ladi. Mutaxassislar ikki hafta ichida energiya balansini ishlab chiqib, modernizatsiya talab etiladigan obyektlarni belgilaydi, nosoz hisoblagichlarni almashtiradi hamda energiya yo‘qotishlarini ikki baravar kamaytirish dasturini tayyorlaydi.

Mazkur tizim keyinchalik barcha hududlarda joriy etiladi. Har bir energetika korxonasi rahbariga eng muammoli tuman biriktiriladi, ular hokimlar bilan birgalikda infratuzilmani modernizatsiya qilish va moliyalashtirish rejasini ishlab chiqadi.

Energetika vazirligi huzurida raqamlashtirish va sun’iy intellekt markazi tashkil etiladi. U ASKUE va ASKUG tizimlari ma’lumotlarini tahlil qiladi, butun energetika zanjirini auditdan o‘tkazadi hamda 106 ming nafar xodim faoliyatini 10 ta KPI asosida boshqaradigan raqamli platformani joriy etadi.

Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, gaz ta’minoti cheklangan hududlarda elektr isitish tizimini rivojlantirish hamda Andijon viloyatidan boshlab suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektorni jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing