O‘zbekistonda 6 mlrd so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari kontrabandasiga chek qo‘yildi

O'zbekiston

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining Quvasoy shahri yaqinidagi hududida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari Farg‘ona viloyati bo‘linmalari bilan hamkorlikda yirik hajmdagi taqiqlangan dori vositalarini aniqladi.

O‘zbekistonda 6 mlrd so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari kontrabandasiga chek qo‘yildi
Tekshiruv davomida noma’lum shaxslar qoldirgan 7 quti topildi. Ularda 53 522 dona “Regapen” va 20 000 dona “Zardeks” tabletkalari borligi ma’lum bo‘ldi. Ularning umumiy qiymati 6,02 mlrd so‘mga teng.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, dori vositalari Qirg‘iziston hududidan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) va 251-1-moddasi (Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan noqonuniy muomala) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda kontrabandaga aloqador shaxslarni aniqlash ishlari davom etmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing