O‘zbekistonda taksichilik bilan o‘z-o‘zini band qilishga doimiy ruxsat beriladi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni transport va logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Yig‘ilishda yo‘nalishsiz taksichilik masalalari ham muhokama qilindi. Ikki yil avval jismoniy shaxslarga taksichilik bilan o‘z-o‘zini band qilgan holda shug‘ullanishga vaqtinchalik ruxsat berilgan edi. Ushbu tashabbus natijasida haydovchilar soni 6 barobar oshib, 457 ming nafarga yetdi. Ushbu tartibning muvaffaqiyatli ekanligini inobatga olib, endi bu tizim doimiy qilishga qaror qilindi.

O‘zbekistonda taksichilik bilan o‘z-o‘zini band qilishga doimiy ruxsat beriladi
Taksichilar uchun mijoz topishda qulay axborot xizmatlari bozori shakllandi. Hozirda mamlakatda 151 ta agregator kompaniyasi faoliyat yuritmoqda va bu ko‘rsatkich oshib bormoqda. Ushbu agregatorlarning faoliyatini tartibga solish, ularning davlat, haydovchi va yo‘lovchilar oldidagi majburiyatlarini aniq belgilash bo‘yicha vazifa qo‘yildi.

Taksichilik bilan o‘z-o‘zini band qilishni doimiy qilish qarori avvalgi me‘yoriy o‘zgarishlarga asoslanadi. 2022-yilda prezidentning “Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi qarori bilan ushbu faoliyatga to‘liq litsenziya talab etilmaydigan tarzda vaqtinchalik ruxsat berilgan edi.

Mazkur qarorga ko‘ra, to‘rtta o‘rindiqdan ortiq bo‘lmagan avtomobillarda yo‘lovchi tashish o‘zini o‘zi band qilish sifatida ko‘rib chiqiladi. Bu faoliyat soddalashtirilgan litsenziya varaqasi asosida amalga oshiriladi. Muhim jihati shuki, litsenziya varaqasi berishda avtomobilning ekspluatatsiya muddati bo‘yicha talab bekor qilingan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing