O‘zbekistonga Chexiyadan birinchi LET L-410 samolyoti keltirildi

O'zbekiston

Toshkent xalqaro aeroportida Chexiyadan sotib olingan birinchi LET L-410 samolyoti kutib olindi. U mahalliy aviaqatnovlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 19 ta yo‘lovchi o‘rindiqlari va moslashuvchan konfiguratsiyaga ega.

O‘zbekistonga Chexiyadan birinchi LET L-410 samolyoti keltirildi
Bugun, 15-iyul kuni Toshkent xalqaro aeroportiga Chexiyada ishlab chiqarilgan birinchi LET L-410 havo kemasi yetib keldi. Yangi turdagi samolyot an’anaviy ravishda suv arkasi bilan kutib olindi. Bu haqda “Uzbekistan Airways” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakat ichidagi parvozlar geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladigan ushbu samolyot Chexiyaning LET Aircraft Industries konsernidan xarid qilingan. Samolyot dastlab ishlab chiqarish zavodida qabul qilinib, parvoz xususiyatlari tekshirilganidan so‘ng Kunovitsa shahridan Bolgariya, Turkiya, Armaniston, Ozarbayjon va Turkmanistonda yonilg‘i quyish uchun oraliq qo‘nish bilan Toshkentga yetib keldi.

“L-410 ishonchliligi, xavfsizligi va ekstremal iqlim sharoitida foydalanishga ixtisoslashganligi bilan ajralib turadi. Ushbu turdagi samolyotlar Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Amerika va Yevropa qit’alarida, dunyoning 60 dan ortiq mamlakatlarida ekspluatatsiya qilinmoqda. Samolyot ko‘p maqsadli va bir nechta variantlarda ishlab chiqariladi”, deyiladi xabarda.

L-410 UVP-E20 – qisqartirilgan uchish-qo‘nish yo‘lagidan uchish va qo‘nish uchun mo‘ljallangan ikki dvigatelli qisqa masofali transport samolyoti. Ekstremal ob-havo sharoitida (-50 °C dan +50 °C gacha) ekspluatatsiya qilish uchun mo‘ljallangan. 19 ta yo‘lovchi o‘rindiqlari va moslashuvchan konfiguratsiyaga ega bo‘lib, unda yuk bo‘linmasini jihozlash mumkin. Maksimal kreyser tezligi soatiga 405 km, maksimal parvoz masofasi 1500 km, maksimal parvoz davomiyligi 5 soat 10 daqiqadan iborat. Uchish uchun kerak bo‘ladigan masofa 510 metr, qo‘nish uchun kerak bo‘ladigan masofa esa 500 metrni tashkil etadi.

Bortdagi elektron uskunalar Garmin GPS zamonaviy kommunikatsiya va navigatsiya tizimlari, xavfli yaqinlashishni oldini olish uchun takomillashtirilgan tizim bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Toshkentda Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala va O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘rtasidagi muzokaralarda chex kompaniyasining O‘zbekistonga L-410 samolyotlarini sotishdan manfaatdorligi muhokama qilingandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing