O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasi rasman ochildi

O'zbekiston

4 sentyabr kuni Sietl shahrida O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat va mahalliy hokimiyat organlari, ishbilarmonlik, akademik, madaniy va diplomatik doiralar, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari diaspora tashkilotlarining 200 dan ortiq vakillari qatnashdi.

O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasi rasman ochildi
AQSh tomonidan Vashington shtati davlat kotibi Stiv Hobs nutq so‘zladi. Marosimda Microsoft, Amazon, Boeing, Meta, Google va Oracle kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbir Bosh konsulxona faoliyati boshlanganini anglatuvchi ramziy tasma kesish marosimi bilan boshlandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Davlat bayrog‘i konsulxona binosi uzra tantanali ravishda ko‘tarildi. Davlat madhiyasi taniqli xonanda Jenisbek Piyazov va “Xalqlar do‘stligi” musiqiy ansambli tomonidan jonli ijro etildi.

Marosimda konsulxonaning ochilishi O‘zbekistonning AQSh G‘arbiy sohilidagi doimiy diplomatik ishtirokini hamda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichini ifodalashi ta’kidlandi. Mehmonlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, raqamlashtirish, ta’lim va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda xorijiy investorlar uchun ochiq va prognoz qilinadigan muhit yaratish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.

Vashington gubernatori Bob Fergyuson maxsus videomurojaat yo‘llab, yangi vakolatxona O‘zbekistonning nafaqat Vashington shtatidagi, balki AQShning butun G‘arbiy sohilidagi birinchi konsullik muassasasi ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Bosh konsulxona savdo va investitsiyalar, texnologiyalar, innovatsiyalar, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Stiv Hobs shtat ma’muriyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini rivojlantirish, o‘zaro savdo va biznes missiyalarini tashkil etish hamda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga tayyorligini bildirdi.

Madaniy dastur doirasida o‘zbek milliy taomlari, jumladan, osh namoyish etildi. “O‘zbekiston madaniyati burchagi”da mamlakat tarixi, madaniy merosi, san’ati, an’analari va turizm imkoniyatlariga oid materiallar taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, Bosh konsulxona Vashington, Oregon, Aydaho va Montana shtatlarida istiqomat qiluvchi O‘zbekiston fuqarolariga konsullik xizmatlarini ko‘rsatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, diaspora bilan aloqalarni mustahkamlash hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing