Prezident: 2-3 yilda mamlakatimiz neft bo‘yicha to‘liq mustaqillikka erishadi

O'zbekiston

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, Boysundagi qariyb 3 milliard dollarlik gaz-kimyo majmuasini ishga tushirish hisobiga geologiya qidiruv ishlari kengaytirilib, yana 100 milliard kub metr gaz zaxiralari ochiladi, 2-3 yilda mamlakat neft bo‘yicha to‘liq mustaqillikka erishadi.

Prezident: 2-3 yilda mamlakatimiz neft bo‘yicha to‘liq mustaqillikka erishadi
Termiz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

"Xalqimiz yaxshi hayot kechirsin, og‘iri yengil bo‘lsin, deb Surxondaryoga shu yilning o‘zida uchinchi marotaba juda katta niyatlar va aniq rejalar bilan keldim", - dedi davlat rahbari.

Kecha Prezident Surxondaryodagi 3,3 milliard dollarlik 4 ta yangi yirik sanoat loyihalari bilan batafsil tanishdi. Jumladan, Boysundagi qariyb 3 milliard dollarlik gaz-kimyo majmuasini ishga tushirish hisobiga:

– yiliga 5 milliard kub metr gaz tozalanib, 6 trillion so‘mlik tabiiy gaz va oltingugurt ishlab chiqariladi;

– viloyatga yiliga o‘rtacha 120 million dollarlik eksport tushumi qo‘shiladi;

– geologiya qidiruv ishlari kengaytirilib, yana 100 milliard kub metr gaz zaxiralari ochiladi, 2-3 yilda mamlakatimiz neft bo‘yicha to‘liq mustaqillikka erishadi;

– ushbu majmuada hozir 7 ming kishi band. Prezident topshirig‘i bilan majmua atrofida kooperatsiya yo‘lga qo‘yilib, qo‘shni tumanlar aholisi uchun ham kamida 2 mingta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi.

Bu yerda 85 megavattli stansiya ham barpo qilingan. U nafaqat majmua ehtiyoji uchun, balki butun Boysun aholisiga yetadigan elektr ishlab chiqaradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing