Prezident Surxondaryoda qurilayotgan yirik gaz-kimyo majmuasi bilan tanishdi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida bo‘lib, “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi. Bu yerda gaz koni bir necha o‘n yillar oldin topilgan. Biroq geografiyasi murakkab bo‘lgani, o‘sha paytda zamonaviy texnologiya va mablag‘ bo‘lmagani uchun hech kim o‘zlashtirishga botinolmagan.

Prezident Surxondaryoda qurilayotgan yirik gaz-kimyo majmuasi bilan tanishdi
2019-yilning dekabrida zavodni qurish ishlari boshlandi. “Surhan Gas Shemisal Orerating Somrany” xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning qiymati 2,9 mlrd dollar. Majmua yiliga 5 mlrd metr kub gazni qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari shu yerda geologik qidiruv va seysmik tadqiqot ishlari yakunlari bilan tanishdi. Investorlar, konni o‘zlashtirishda qatnashayotgan mutaxassis va quruvchilar bilan suhbatlashdi.

– Asosiy maqsad gazni xomashyo holatida sotish emas, uni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar olish bo‘lishi lozim. Investitsiya tez vaqtlarda o‘zini oqlab, zavod raqobatbardosh bo‘lishi uchun oxirgi mahsulot sifatli va yuqori daromadli bo‘lishiga erishish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirgacha konni o‘zlashtirishga 1 milliard 450 million dollarlik investitsiya kiritilib, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlangan. 11 ta gaz qudug‘i sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Poydevor ishlari va metall konstruksiyalar qurish qariyb yakunlanib qolgan. Zavodning loyihalari va qurilishi “Shell” kompaniyasining litsenziyalangan texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Zavod elektr energiyani ham o‘zi generatsiya qiladi, ham tuman aholisiga yetkazib beradi.

Zavod mamlakatdagi sakkizinchi gaz-kimyo majmuasi, Surxondaryodagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘ladi. Unda 1050 kishi yuqori daromadli ish bilan ta’minlanadi. U Boysun shahridan 20 kilometr uzoqda joylashgan. Ayni paytda uning qurilishida 7 mingdan ortiq kishi, maxsus texnikalar ishlamoqda. Loyihaning birinchi bosqichi kelgusi yil may oyida ishga tushiriladi, 2025-yilda to‘la quvvatga chiqadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing