Prezidentimiz Xivada yirik tadbirlar uchun infratuzilma bilan tanishdi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida yangi barpo etilgan Kongress-xoll, uch yulduzli mehmonxona hamda “Xiva Ichan qal’a” qabullar uyi faoliyati bilan tanishdi.

Prezidentimiz Xivada yirik tadbirlar uchun infratuzilma bilan tanishdi
Mazkur obyektlar davlatimiz rahbarining 2026-yil 30-apreldagi tegishli hujjati asosida barpo etildi. Ularning ishga tushirilishi natijasida qariyb 2 mingta yangi ish o‘rni yaratish, yiliga 50 ming nafar sayyohga mehmonxona xizmati ko‘rsatish va xizmatlar eksportini 4 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Zamonaviy premium uslub va Xorazm milliy me’morchiligi elementlari uyg‘unligida qurilgan Kongress-xoll xalqaro anjumanlar, biznes-konferensiyalar, hukumatlararo muzokaralar va madaniy forumlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan.

Umumiy maydoni 1,9 gektar bo‘lgan majmuani barpo etish uchun 857 milliard so‘m budjet mablag‘lari yo‘naltirilgan. Atrofida keng yashil hududlar va xiyobonlar tashkil etilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

Kongress-xollga tutash hududda xalqaro anjumanlar ishtirokchilari va sayyohlarga qulay sharoit yaratish maqsadida uch yulduzli mehmonxona ham qurildi. Qiymati 169 milliard so‘m, umumiy maydoni 1,6 gektar bo‘lgan loyiha doirasida 60 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

To‘rt qavatli mehmonxonada 310 o‘ringa mo‘ljallangan 156 ta xona, keng vestibyul, resepshn, restoran-bar, bolalar xonasi va terrasa mavjud. Shuningdek, yopiq basseyn, fitnes va vellness hududlaridan iborat sog‘lomlashtirish zonasi tashkil etilgan.

Mehmonxonadan Kongress-xoll binosiga, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i va hunarmandlar rastalariga yashil sayr yo‘laklari orqali bir necha daqiqada piyoda yetib borish mumkin.

Davlatimiz rahbari “Xiva Ichan qal’a” qabullar uyini ham ko‘zdan kechirdi. Umumiy maydoni 2 gektar bo‘lgan mazkur majmua rasmiy tadbirlar o‘tkazish va xorijiy delegatsiyalarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Loyiha qiymati 260 milliard so‘mni tashkil etadi.

Bino me’morchiligida Xorazmga xos mahobatli yog‘och o‘ymakorligi ustunlari, ganchkorlik san’ati, ko‘k va firuza rangli koshinlardan keng foydalanilgan. Qabullar uyi atrofida vohaning boy tarixini aks ettiruvchi fotoko‘rgazmalar va milliy hunarmandchilik ustaxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbari Xorazm viloyati jamoatchiligi vakillari bilan samimiy muloqot qildi. Suhbatda keyingi yillarda vohada ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar, odamlarning turmush tarzi va tafakkuridagi yangilanishlar haqida so‘z bordi. Qadimiy Xorazm zaminida Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik, taraqqiyot va yangilanish ruhi tobora yaqqol namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi. Viloyatning boy tarixi va an’analarini asrab-avaylagan holda uni zamonaviy, obod va farovon hududga aylantirish yo‘lidagi ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.

Prezident ushbu majmualardan samarali foydalanish, Xivada yirik xalqaro tadbirlarni ko‘paytirish, sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing