Rossiyadagi O'zbekiston elchixonasi, migrantlarni zudlik bilan ogohlikka chaqirdi

O'zbekiston

Rossiya Federatsiyasi prezidentining 2024-yil 30-dekabrdagi №1126-sonli farmoniga muvofiq, joriy yilning 5-fevralidan boshlab Rossiya hududida Rossiya ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladigan “nazorat qilinadigan shaxslar reyestri” faoliyat ko‘rsatishni boshladi.

Rossiyadagi O'zbekiston elchixonasi, migrantlarni zudlik bilan ogohlikka chaqirdi
Ushbu reyestrga migratsiya qonunchiligi sohasida maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan chet el fuqarolari kiritilgan. Mazkur meʼyoriy hujjatga muvofiq, reyestrga kiritilgan chet el fuqarolari Rossiyadan chiqib ketishlari yoki 2025-yil 1-yanvardan 30-aprelgacha bo‘lgan davrda o‘zlarining huquqiy maqomlarini hal qilish uchun o‘zlari istiqomat qilib turgan joydagi Rossiya ichki ishlar vazirligining hududiy organiga yoki “PVS” (pasportno-vizoviy servis) federal davlat unitar korxonasining filialiga murojaat qilishlari shart.

Shuningdek, Moskva shahrida joylashgan chet elliklar uchun "Saxarovo” ko‘p funksiyali migratsiya markaziga murojaat qilishlari talab etiladi.

Rossiya tomoni maʼlumotiga ko‘ra, “Amnistiya” davrida ushbu farmonga binoan, chet el fuqarolariga nisbatan Rossiya hududidan chiqarib yuborish, maxsus saqlash muassasalarga joylashtirish va keyinchalik Rossiya hududiga kirishni cheklash bilan bog‘liq choralar qo‘llanilmasligi taʼkidlanmoqda.

Nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritilgan chet el fuqarolariga quyidagilar taqiqlanadi:

Ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish;

Nikoh tuzish;

Yuridik tashkilot yoki firmalarni tashkil etish va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish;

Bank hisob raqamlarini ochish va bank operatsiyalarini bajarish;

Transport vositalarini boshqarish.

Rossiya hududida noqonuniy yurgan voyaga yetmagan chet el fuqarolarni taʼlim muassasalari (maktablar va bolalar bog‘chalari) ga qabul qilish ham mumkin bo‘lmaydi.

"Elchixona Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy ravishda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida, ularni huquqiy holatini zudlik bilan hal etish choralarini ko‘rishga chaqiradi", deyiladi O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xabarda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing