Saida Mirziyoyeva va Sadir Japarov hamkorlikning yangi bosqichlarini muhokama qildi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva Bishkekda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Vazirlar Mahkamasi Raisi Adilbek Kasimaliev bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Saida Mirziyoyeva va Sadir Japarov hamkorlikning yangi bosqichlarini muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga samimiy qabul va ochiq hamda ishonchli muhitda o‘tgan uchrashuv uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarini birodarlik rishtalari, taraqqiyotga intilish va o‘zaro hurmat birlashtirib turishini ta’kidladilar. Buning yaqqol tasdig‘i sifatida chegaraviy masalalarning hal etilishi, milliy IDlarning tan olinishi, qo‘shma korxonalar tashkil etilishi hamda Kambarota GES-1 va Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li kabi yirik loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Gumanitar hamkorlik ham alohida e’tibor qozondi. Xususan, “Zakovat” intellektual o‘yini ikki mamlakat yoshlari do‘stligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.

Bishkekda Saida Mirziyoyeva Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasi Rahbari – Vazirlar Mahkamasi Raisi Adilbek Kasimaliev bilan ham uchrashdi. Tomonlar prezidentlar erishgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish uchun administratsiyalar o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

Ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo – bu mintaqa xalqlarining umumiy uyi bo‘lib, rahbarlarning siyosiy irodasi tufayli qo‘shnilar nafaqat suv va savdo masalalarini hal qilmoqda, balki ochiq chegaralar, qo‘shma investitsiyalar va barqaror taraqqiyot uchun sharoit yaratmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing