Si Szinpin G‘alaba paradida ishtirok etish uchun Moskvaga tashrif buyuradi

Dunyo

Rossiyaning Pekindagi elchisi Igor Morgulovning so‘zlariga ko‘ra, XXR raisi Si Szinpin 9-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarga tashrif buyurishni qabul qilgan. Shu bilan birga, u Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ikkinchi jahon urushi yakuniga va Yaponiyaga qarshi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan marosimlarga qatnashish uchun Xitoyga taklif qilgan. Bu haqida Morgulov 10-fevral kuni "Rossiya 24" telekanali efirida ma’lum qilgan.

Si Szinpin G‘alaba paradida ishtirok etish uchun Moskvaga tashrif buyuradi
Hozircha Pekin Si Szinpinning Rossiyaga mumkin bo‘lgan tashrifi bo‘yicha rasmiy izoh bermagan. Xitoy rahbari oxirgi marta Moskvaga 2023-yil mart oyida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urushda yadro qurolidan foydalanish tahdidi bilan chiqqan paytda tashrif buyurgan edi. U Moskvadagi G‘alaba paradida esa oxirgi marta 2015-yilda qatnashgan.

Yaponiya televideniyesi NHK manbalariga tayanib, 2024-yilda Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida Shimoliy Koreya (KXDR) harbiylari ham qatnashishini xabar qildi.

Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov 15-yanvar kuni Moskvada, sakkizta qahramon shahar va harbiy shtablar joylashgan yana 19 shaharda paradga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tantanalarga 19 ta “do‘stona” mamlakatning harbiy bo‘linmalari taklif etilgan, ulardan 10 tasi, jumladan, sobiq SSSRning yetti davlati ishtirokini tasdiqlagan.

"Meduza" onlayn nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvadagi paradda Slovakiya bosh vaziri Robert Fiko, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, Falastin Milliy Ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos va Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva ishtirok etishi kutilmoqda.

2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy bosqini fonida ko‘plab dunyo yetakchilari Moskvadagi G‘alaba paradida qatnashishdan bosh tortgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing