Statistik ma’lumotlardan foydalanish samaradorligi sun’iy intellekt yordamida oshiriladi

Texnologiya

O‘zbekiston statistika tizimida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab statistika organlarida sun’iy intellektga asoslangan yangi interaktiv xizmatlar joriy etiladi.

Statistik ma’lumotlardan foydalanish samaradorligi sun’iy intellekt yordamida oshiriladi
Yangi xizmatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

“Maslahatchi” – hisobot topshirishda korxona va tashkilotlarga maslahat beruvchi sun’iy intellektga asoslangan interaktiv xizmat.

“Tahlilchi” – foydalanuvchilarga statistik ma’lumotlarni tez va samarali izlab topishga ko‘maklashuvchi konsultativ tizim.

“Call-markaz” – telefon orqali statistik kuzatuvlarni o‘tkazish imkoniyatini yaratadigan sun’iy intellekt texnologiyasi.

Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Milliy statistika qo‘mitasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Iqtisodiy statistika kafedrasi filiali tashkil etiladi. Ushbu filial sohaga ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlash va statistika tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muhim o‘zgarishlardan yana biri – 2025-yil 1-iyuldan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarni (YATT) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi takomillashtiriladi. Endilikda ro‘yxatdan o‘tish jarayoni tadbirkorlik subyektining faoliyat yo‘nalishlari va iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga asoslanib amalga oshiriladi.

Mazkur islohotlar sun’iy intellektdan foydalangan holda statistik ma’lumotlardan foydalanish samaradorligini oshirish, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish va iqtisodiy tahlillarni yanada sifatli olib borishga xizmat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing