Suriyadagi yangi rahbariyatni arab davlatlari qo'llab-quvvtlamoqda

Dunyo

Suriyaga Iordaniya va Qatar tashqi ishlar vazirlari tashrif buyurib, yangi rahbariyat bilan muloqotlarni boshlashdi. Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi dushanba kuni Suriya yangi rahbari Ahmad al-Shara bilan Damashqda “Keng ko‘lamli muzokaralar” o‘tkazdi. Bu uchrashuv Iordaniya tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlandi.

Suriyadagi yangi rahbariyatni arab davlatlari qo'llab-quvvtlamoqda
Shuningdek, Qatar davlat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muhammad al-Xulayfi ham Suriyaga tashrif buyurib, yangi rahbariyat bilan uchrashdi.

Ushbu tashriflar arab davlatlarining Suriyada yangi rahbariyat bilan hamkorlikni boshlashga bo‘lgan tayyorligini ko‘rsatadi. Arab davlatlari bu oy boshida Iordaniyada o‘tkazilgan yig‘ilishda Suriyada “tinchlikka o‘tish jarayonini qo‘llab-quvvatlash”ga va’da bergan edi.

2011-yilgi Arab bahori davomida Bashar al-Assadning demokratik islohotlarni talab qilgan namoyishchilarga nisbatan shafqatsiz qatag‘onlari mintaqada keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.

Shundan so'ng ko‘pgina arab davlatlari Assad hukumatidan yuz o‘girdi va u xalqaro maydonda izolyatsiya holatiga tushib qoldi. Biroq, keyingi yillarda bir qator arab davlatlari Suriya bilan munosabatlarni tiklash va mintaqaviy barqarorlikka erishish uchun aloqalarni qayta tiklashga harakat qildi.

O‘tgan yili Saudiya Arabistoni Assadni Arab Ligasi sammitiga taklif qilgan edi, bu esa Suriya a‘zoligi to‘xtatilganidan beri o‘n yildan oshiq vaqt ichida birinchi marta ro‘y berdi. Ammo Assadning avtoritar usullari davom etgani bu sa‘y-harakatlarning samarasizligini ko‘rsatgan edi.

Endilikda arab davlatlari Suriyada yangi rahbariyat ostida munosabatlarni qayta tiklash imkoniyatidan foydalanmoqda. Assadning ag‘darilishi ortidan Arab davlatlari Damashq bilan aloqalarni tiklash uchun faol harakat qilmoqda. Iordaniya va Qatar tashqi ishlar vazirlarining tashriflari ushbu jarayonning muhim qismi bo‘lib, yangi rahbariyat bilan birgalikda mintaqaviy barqarorlik va tinchlikka erishish yo‘lida sa‘y-harakatlarni kuchaytirishni anglatadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing