Tadbirkorlar ijara to'lovlarini vaqtida to'lsa, o'sha obyektni xususiylashtirish imkoni berildi

O'zbekiston

1-martdan boshlab 6 oy davomida sotilmagan 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat obyektlari tadbirkorlarga 10 yilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara asosida beriladi. Agar tadbirkorlar ijara to‘lovlarini to‘rt yil davomida to‘liq amalga oshirsalar, mazkur obyektlarni xususiylashtirish imkoniyati ham beriladi.

Tadbirkorlar ijara to'lovlarini vaqtida to'lsa, o'sha obyektni xususiylashtirish imkoni berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o‘tdi. Unda, davlat rahbari kéreativ sohalar – IT, turizm, loyiha, dizayn, injiniring kabi xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha aniq ish va natija kerakligini ta'kidladi.

Shuningdek, yoshlarni IT va chet tillariga o‘qitib, xalqaro tan olingan sertifikat beradigan tadbirkorlar uchun birinchi yil davomida ijara to‘lovi bekor qilinishi belgilandi. Shu orqali har bir viloyatda kamida 5 ta davlat obyektini tadbirkorlarga ijara asosida berib, yil davomida 100 mingdan ortiq yoshlarni IT va chet tillariga o‘qitish zarurati ta'kidlandi.

Xizmat ko‘rsatish sohasida faqat texnik xizmatlar bilan cheklanmay, balki bu borada professional xizmatlarni ham rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Buxgalteriya, konsalting, sug‘urta, yuridik xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Mutasaddilarga xorijiy davlatlardagi xizmatlar bozorini o‘rganib, o‘quv dasturlarini xalqaro talablarga moslashtirish va tegishli mutaxassislarni tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilish davomida kéreativ iqtisodiyotdagi startap loyihalar uchun 50 million dollar mablag‘ ajratilgani e'lon qilindi. Masalan, "Amazon" kompaniyasida ishlagan va Nukusga qaytib kelgan Beknazar Abdukamolov o‘zining startap loyihasiga "Facebook"dan 3 million dollar jalb qilgani va bugungi kunda uning aktivlari 15 million dollarga baholanishi misol sifatida keltirildi. Hozirda dunyoning yirik IT kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan yuzlab yosh mutaxassislar mavjud bo‘lib, Raqamli texnologiyalar vazirligiga ana shunday yoshlar bilan hamkorlikda startap loyihalarni amalga oshirish topshirildi.

2025-yilda, IT xizmatlari hajmini 30 foizga oshirib, 80 trillion so‘mga yetkazish, eksport hajmini esa 1 milliard dollardan oshirish maqsad qilib qo‘yildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing