Tadbirkorlarga 5 milliardgacha imtiyozli kredit ajratiladi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda davlat rahbari viloyatda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni alohida ta’kidladi.

Tadbirkorlarga 5 milliardgacha imtiyozli kredit ajratiladi

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida: “Kecha viloyatdagi ishlar bilan tanishdim, oddiy odamlar bilan gaplashdim. Ishonch bilan aytishim mumkin: bu zaminda Yangi O‘zbekiston shukuhi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib ulgurgan. Bu – islohotlarimizning eng katta natijasi,” – dedi.

So‘nggi sakkiz yilda Andijonda dastgohsozlik sanoati 20 barobarga o‘sgani qayd etildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda bu yo‘nalishda katta tajriba maktabi shakllangan va yangi korxonalar ochishga qiziqqan tadbirkorlar soni ortmoqda. Shu bilan birga, oxirgi ikki yil ichida viloyatga chetdan 1 milliard dollarlik asbob-uskunalar import qilingan.

Prezidentning fikricha, bu texnologiyalarni o‘zlashtirish iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam bo‘ladi.

Misol sifatida, Buloqboshida joylashgan “Molekular kimyo” korxonasi respublikada yagona bo‘lgan bo‘yash dastgohlarini ishlab chiqarishni boshlagani aytib o‘tildi. Mutasaddilarga yana shunday 10–15 nafar tadbirkorni topib, ularga qulay sharoit yaratish topshirildi.

Shuningdek, ayrim tadbirkorlar uskunalar uchun sertifikat olish, ro‘yxatdan o‘tkazish kabi jarayonlarning murakkabligi sababli loyihalarga sarmoya kiritishdan cho‘chiyotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mas’ullarga tadbirkorlar bilan yaqin muloqot o‘rnatish va ularni qo‘llab-quvvatlash vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda mashinasozlik va konstruktorlik ishlab chiqarish markazlarini Andijonda tashkil etish rejalashtirildi. To‘qimachilik, charm-poyabzal, mebel, avtomobilsozlik kabi sohalarda import qilinayotgan kamida beshta turdagi uskunaning texnik ko‘rsatkichlarini tahlil qilish, ularni mahalliy korxonalarga taklif qilish belgilandi.

Bunday uskunalarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish istagini bildirgan tadbirkorlarga esa 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing