Tanzila Narbayeva Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova bilan uchrashdi

Siyosat

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo xotin-qizlari forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tanzila Narbayeva Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova bilan uchrashdi
Uchrashuvda yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini taʼminlash, shu jumladan, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni huquqiy jihatdan taʼminlash bo‘yicha parlamentlarning o‘zaro hamkorligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Sahiba Gafarova O‘zbekiston tashabbusi bilan ilk marotaba tashkil etilayotgan Osiyo xotin-qizlari forumi ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishda muhim maydon bo‘lishini taʼkidlab, forum ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Uchrashuv so‘nggida tomonlar ikki davlat tadbirkor ayollari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirishga, yosh parlamentariylar muloqotini jadallashtirishga kelishib oldi.

Eslatib o‘tamiz, 13–14-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo xotin-qizlari forumida 30 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan nufuzli mehmonlar – Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol aʼzolari, hukumatlari rahbarlari, 40 nafardan ortiq xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda xorijiy tashkilotlar vakillari, shuningdek, mahalliy davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayol rahbarlar, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalarning jami 400 ga yaqin vakillari hamda faol xotin-qizlar ishtirok etmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing