Tanzila Norboyeva va Aleksandr Markovich hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni belgilab oldilar

Siyosat

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Serbiya Respublikasi Milliy skupshinasi “Serbiya – O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi Aleksandr Markovich bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yuksak ishonch tufayli o‘zbek-serb sherikligi barqaror o‘sish sur’atlarini ko‘rsatayotganini, ikki tomonlama asosda va xalqaro tuzilmalar doirasidagi muntazam aloqalar so‘nggi vaqtda sezilarli darajada faollashganini qayd etdilar.

Tanzila Norboyeva va Aleksandr Markovich hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni belgilab oldilar
Muzokaralar davomida Oliy Majlis Senati va Serbiya Milliy skupshinasi o‘rtasida imzolangan, o‘zaro hamkorlik bazasini yaratgan Anglashuv memorandumini amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida tomonlar parlamentlararo guruhlarning maxsus “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashni muhokama qildilar.

Muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri oliy davlat darajasida erishilgan kelishuvlarni qonunchilik darajasida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘ldi. Ushbu kontekstda Serbiya tomoni O‘zbekistonning davlat boshqaruvi modeliga yuqori baho berib, mahalla institutini rivojlantirishning o‘ziga xos tajribasiga hamda uning aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va joylarda muloqotni mustahkamlashdagi muhim roliga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, tomonlar parlament diplomatiyasini yanada rivojlantirish va yoshlar parlamentlari yo‘nalishi bo‘yicha aloqalarni kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Professional almashinuvni chuqurlashtirishning amaliy qadami sifatida Tanzila Norboyeva Serbiya parlamentariylariga 2026-yil 4–6-sentabr kunlari Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Parlamentlararo ittifoq yosh parlamentariylarining 12-Global konferensiyasida ishtirok etishni taklif qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing