Toqayev AQSH bilan boj masalasida murosaga umid bildirmoqda

Dunyo

Qozog‘iston AQSh tomonidan joriy etilgan yangi boj stavkalari fonida muzokaralarga tayyorligini bildirdi. Prezident Qosim-Jomart Toqayev adolatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikka intilishini aytib, Vashington bilan murosa erishilishiga ishonch bildirdi.

Toqayev AQSH bilan boj masalasida murosaga umid bildirmoqda
AQSh prezidenti Donald Trampdan 2025-yil 1-avgustdan boshlab Qozog‘istondan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik boj stavkalarini joriy etish haqida rasmiy xat olganidan so‘ng, Toqayev unga javob xati yubordi. U unda Qozog‘iston milliy manfaatlarini himoya qilgan holda konstruktiv muloqotga tayyorligini ta’kidladi.

Qozog‘iston rahbari AQShni uzoq yillik savdo va investitsiya bo‘yicha hamkor sifatida e’tirof etib, barqaror, adolatli va oldindan bashorat qilinadigan savdo munosabatlarini davom ettirishga intilishini tasdiqladi.

Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligiga ko‘ra, AQSh tomoniga savdo shartlarini yaxshilash bo‘yicha aniq takliflar taqdim etilgan va hozirda kelgusi muzokaralarga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Qozog‘iston tomon vaziyat keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun oqilona yechimlar topilishini kutmoqda.

Shu bilan birga, idora hisob-kitoblariga ko‘ra, Qozog‘istonning AQShga eksportining qariyb 95 foizi yangi tariflarga tushmaydi. Bu asosiy xomashyo va strategik tovarlar - neft, uran, titan, ferroqotishmalar, kumush va tantalga tegishli.

2024-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 4 foizga oshdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing