Toqayev Ostona shahrida sun’iy intellekt bo‘yicha global hamkorlik markazini tashkil etishni taklif qildi

Iqtisodiyot

Qozog‘iston va Xitoy sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar sohasidagi strategik hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Yangi kelishuvlar Prezident Qosim-Jomart Toqayev va XXR Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi muzokaralar hamda Sun’iy intellekt bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi doirasida erishildi.

Toqayev Ostona shahrida sun’iy intellekt bo‘yicha global hamkorlik markazini tashkil etishni taklif qildi
Prezident Toqayev so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot sezilarli darajada faollashganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Qozog‘istonning eng yirik savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi 49 milliard dollarni, Xitoy investitsiyalari esa 30 milliard dollarni tashkil etdi. Mamlakatda 8,5 mingdan ortiq Xitoy kompaniyasi sanoat, energetika, gaz-kimyo, mashinasozlik va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. 2025-yilda Qozog‘istonga bir milliondan ortiq Xitoy fuqarosi tashrif buyurdi.

Si Szinpin ikki tomonlama munosabatlar yuqori bosqichga ko‘tarilganini qayd etib, ularni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi. Tomonlar BMT, SHHT, OIHK hamda «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Muzokaralar yakunida 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi va yo‘l xaritasi imzolandi.

Sun’iy intellekt bo‘yicha Butunjahon konferensiyasida so‘zga chiqqan Toqayev «Barcha uchun sun’iy intellekt» konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlab, texnologik taraqqiyot butun insoniyat manfaatlariga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi. U Qozog‘istonda Sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonun, Raqamli kodeks va Digital Kazakhstan – 2029 strategiyasi qabul qilinganini eslatdi.

Shuningdek, Prezident Ostona shahrida Sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotining ilk yig‘ilishini o‘tkazish va uning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini Qozog‘istonda joylashtirishni taklif qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing