Toshkent — Belgiyaning Markaziy Osiyodagi yangi diplomatik nuqtasi

Siyosat

Belgiya Markaziy Osiyoni strategik jihatdan muhim va tez rivojlanayotgan hudud sifatida baholab, Toshkentda elchixona ochishini ma’lum qildi.

Toshkent — Belgiyaning Markaziy Osiyodagi yangi diplomatik nuqtasi
Belgiya Tashqi ishlar vazirligi Markaziy Osiyoda diplomatik ishtirokini kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda yangi elchixona ochishni rejalashtirayotganini bildirdi.

Belgiya tashqi ishlar vaziri Maksim Prevoning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo Belgiya tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Uning aytishicha, Transkaspiy yo‘lagining rivojlanishi va mintaqaning geosiyosiy ahamiyati muhim strategik imkoniyatlar yaratmoqda.

«Bu tez o‘sayotgan mintaqa, va Belgiya bu yerda o‘z pozitsiyasini yanada qat’iyroq namoyon qilishi kerak», — dedi Prevo. U Markaziy Osiyoning yuqori salohiyatiga va Xitoy, Rossiya, Pokiston, Hindiston, Eron va Afg‘oniston bilan chegaradosh geosiyosiy makoniga e’tibor qaratdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda elchixona ochish kelgusi o‘n yillikda tez rivojlanadigan mintaqaga qaratilgan strategik investitsiya hisoblanadi: «Ko‘plab davlatlar buni allaqachon anglab yetdi va katta mablag‘ yo‘naltirmoqda. Shu bois biz Toshkentda elchixona ochmoqdamiz».

Hozirda Belgiya Qozog‘istonda elchixonaga, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda faxriy konsulliklarga ega.

Umuman olganda, Belgiya beshta yangi diplomatik vakolatxona ochishni, sakkiztasini yopishni va Yevropa, Afrika, Janubiy Amerika hamda Yaqin Sharqdagi taxminan 20 ta mavjud missiyani kuchaytirishni rejalashtirmoqda. O‘zgarishlar 2026–2027 yillarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Prevo bayonotida shunday deyiladi: “Belgiya dunyo bo‘ylab keng diplomatik infratuzilmaga ega. Maqsad — uni optimallashtirish va manfaatlarimiz eng muhim bo‘lgan hududlarda ishtirokimizni mustahkamlash.”

Toshkentda elchixona ochilishi Belgiya diplomatik strategiyasining yangilanishi va Bryusselning Markaziy Osiyoga e’tiborining ortayotganidan dalolat beradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing