Toshkentda Qirg'iziston elchixonasining yangi binosi ochildi

O'zbekiston

Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi — Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarovning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Qirg‘izistonning Toshkent shahridagi elchixonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh vazir Abdulla Aripov matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkentda Qirg'iziston elchixonasining yangi binosi ochildi
Tadbirga Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Tojikiston, Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchilari, diaspora vakillari, qirg‘iz millatiga mansub mahalliy aholi vakillari ham taklif etildi.

«Ikki mamlakat Bosh vazirlari ramziy tasmani kesib, Qirg‘iziston diplomatik vakolatxonasi binosini ochib berdilar. Elchixonada diplomatlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Abdulla Aripov va Aqilbek Japarov ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga intilish ramzi sifatida ikki tup daraxt ekdilar. Elchixona Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdilar.

Ta'kidlash joizki, 2-may kuni Toshkent investitsiya forumi doirasida Shavkat Mirziyoyev Aqilbek Japarovni qabul qildi. O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing